Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektorining MUROJAATI

21.05.2022, 11:52 Yangiliklar 1151

Hurmatli professor-o‘qituvchilar!

Qadrli talaba-yoshlar!

Ishonamanki, barchangiz o‘z hayotingizda halollik, shukronalik va sadoqat kabi ezgu insoniy xislatlarni shior qilib tanlagansiz. Ustozlarimiz talabalarga bor bilim va tajribalarini ulashmoqdalar, talaba-yoshlar ham ko‘zlagan yuksak marralariga erishish uchun o‘qib-o‘rganishdan og‘ishmayapti.

Universitetimiz shu kungacha erishgan obro‘-nufuzi, bitiruvchilarimiz erishayotgan katta yutuqlar fikrimiz dalili bo‘la oladi.

Shunday bo‘lsa-da, bugungi shiddatli axborot asrida turli illatlar, xavf-xatarlardan har birimiz ogoh bo‘lishimiz, hushyor turishimiz har jihatdan muhimdir. Ayniqsa, jamiyatimizning ildizlarini yemirib, davlatimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan korrupsiya balosini o‘z faoliyatimizga yaqin yo‘latmasligimiz, yuksak insoniy fazilatlarimizni bunga qarshi qalqon qila olishimiz zarur.

Shu boisdan universitetimizning professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlar, talaba-yoshlari hamda boshqa barcha mas’ul xodimlarini odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etish, korrupsiyaga qarshi kurashishda faol dunyoqarash, mustahkam fuqarolik nuqtayi nazaridan turib munosabat bildirishga chaqiraman.

Xabaringiz bor, bugun davlatimizda korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Bir qator qonun hujjatlari va tuli targ‘ibotlar orqali korrupsiyaning oxiri zavol bo‘lgan qilmish ekanligi, yurtiga, xalqiga va oilasiga sodiq, qolaversa, o‘z hayotiga befarq bo‘lmagan inson bu yo‘lda yurmasligi bot-bot eslatilmoqda.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining tashkil etilishi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturining tasdiqlanishi bilan bu borada jiddiy qonuniy tartiblar belgilandi.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan holatlarda bevosita yoki bilvosita ishtirok etish qat’iyan taqiqlangandi, korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etganlar egallab turgan lavozimi hamda maqomidan qat’i nazar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishi shart etib ko‘rsatildi!

Avvalo, barchamiz bugun mamlakat taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning ahamiyati va mazmun-mohiyatini chuqur anglashimiz va shunga monand ish tutmog‘imiz zarur. Shundagina tanlagan va shahdam qadam tashlab borayotgan yo‘limizda korrupsiyaning naqadar katta to‘siq va g‘ov ekanini anglab yetamiz.

Mana shu sababdan ham O‘zbekistonda taraqqiyotning yangi bosqichida bu illatga qarshi kurashishning eng samarali usullarini mujassam etgan kompleks yondashuvga davlat rahbarining shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lmoqda. Kelasi besh yillikdagi davlat siyosatini o‘zida aks ettirgan tarixiy hujjat – 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilish vazifasi qat’iy belgilab olindi.

Hurmatli professor-o‘qituvchilar hamda qadrli talaba-yoshlar!

Barchamiz yaxshi anglaymizki, korrupsiya mamlakat ta’lim tizimi rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi eng katta to‘siqdir. Qaysiki davlatda ta’lim tizimi rivojlanmas ekan uning kelajagi ham jarlikda qolib ketaveradi.

O‘zbekistonda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ta’lim sifatini tubdan takomillashtirish, bilim maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlarni oliy ta’limga keng jalb qilish kabi ishlarda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Hududlarda yangi oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari hamda sirtqi va kechki bo‘limlarning ochilishi, oliy ta’lim muassasalariga qabul ko‘rsatkichlarining oshirilishi mazkur yo‘nalishdagi muhim islohotlar hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini ya’nada ta’komillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida ta’lim sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish g‘oyat dolzarb vazifa etib belgilandi. Farmonga ko‘ra, 2019-yil 1-avgustdan boshlab oliy ta’lim sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish belgilab qo‘yilganida chuqur ma’no bor. Chunki, mamlakatda kechayotgan har qanday islohotning muvaffaqiyati birinchi navbatda ta’limga bog‘liq.

Bu nimani anglatishini barchangiz tushundingiz, deb o‘ylayman. Mamlakatimizning ertangi kelajagi biz – ma’rifat vakillarining qo‘lidadir. Bugun islohotlar o‘zining hal qiluvchi eng yuqori bosqichiga ko‘tarilgan bir paytda biz dunyodagi eng sharafli kasb egalari, o‘zimizga halollik va poklikni shior qilib, farzandlarimizni ulug‘ ajdodlariga munosib avlod qilib tarbiyalaylik.

Ayniqsa, xalqimiz xizmatiga tayyorlab berayotgan bo‘lajak kadrlarimizni bu illatga tortmasligimiz, ularni sof vijdon, halol mehnat va mas’uliyat bilan ish yuritishga o‘rgatishimiz, o‘rgatibgina qolmay ularga o‘zimiz o‘rnak bo‘lishimiz shart. Zero, universitetimizning eng zarur maqsadi ham shu.

 

Hurmatli professor-o‘qituvchilar hamda qadrli talaba-yoshlar!

Keling, shu yuksak maqsad yo‘lida barchamiz birgalikda, hamjihatlikda harakat qilaylik. Zimmamizdagi vazifamizni sidqidildan, halol va vijdonan ado etaylik.

Sizlarni universitetimizda korrupsiyaga qarshi birga yakdil kurashishga chaqiraman.

Universitetda sog‘lom va har qanday illatlardan holi bo‘lgan ta’lim-tarbiya muhitini shakllantirish bugun har birimizning eng muhim va ustuvor vazifamiz bo‘lmog‘i lozim.

Hurmat bilan, universitet rektori

G.Rixsiyeva