Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Yangiqo‘rg‘onning turizm va agroturizm salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-iyundagi PQ-220-son qarori hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 24-iyundagi 05/15-2238-son xatida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Namangan davlat universiteti va Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi hamkorligida hududning turizm va agroturizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan media loyiha amalga oshirildi.
Loyiha doirasida Yangiqo‘rg‘on tumanining Nanay turizm qishlog‘idagi Ko‘k saroy turistik zonasi, tabiiy maskanlar hamda hududda tashkil etilgan zamonaviy agroturizm obyektlarida professional foto va videotasvirga olish ishlari olib borildi. Jumladan, “Sura General Investments” MCHJ tomonidan barpo etilgan intensiv bog‘ hamda Birlashgan qishlog‘idagi uzumzorlar agroturizmning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Loyihaning faol ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari tayyorlangan media mahsulotlarni xorijiy auditoriyaga yetkazish maqsadida ularni arab, fors, turk, hind, malay, indonez, koreys, xitoy, yapon, ingliz va rus tillarida tayyorladilar.
Sharq tillari yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar har bir turizm va agroturizm obyekti haqida mazmunan boyitilgan reportaj hamda taqdimotlar tayyorlab, Yangiqo‘rg‘onning tarixiy-madaniy merosi, ekologik va agroturizm imkoniyatlari, milliy qadriyatlari hamda mehmondo‘stlik an’analarini xalqaro auditoriyaga sodda, tushunarli va jozibador uslubda taqdim etdilar.
Turli tillarda yaratilgan videoroliklar va raqamli media kontentlar xorijiy sayyohlar uchun ishonchli axborot manbai bo‘lish bilan birga, Yangiqo‘rg‘onning xalqaro turizm maydonida tanilishiga munosib hissa qo‘shmoqda.









