XXRning Lyaonin provinsiyasi delegatsiyasi tashrifi
2026-yil 27–aprel kuni Lyaonin provinsiyasi Xalq hukumati Tashqi aloqalar boshqarmasi bosh direktori o‘rinbosari Chjao Xunbin boshchiligidagi delegatsiya TDSHUga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar universitet rahbariyati bilan uchrashib, ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Tomonlar, xususan, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish hamda madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, TDSHUda Lyaonin talabalari uchun stajirovka dasturlarini tashkil etish, iqtidorli talabalarni magistratura bosqichiga jalb qilish masalalari muhokama qilinib, amaliy qadamlar belgilab olindi.
Shuningdek, Sharq falsafasi yo‘nalishida, xususan, Buyuk Ipak yo‘li doirasida folklor, madaniyat va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni o‘rganishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.
Bundan tashqari, Lyaoninlik talabalar uchun TDSHUda o‘zbek, rus va ingliz tillari bo‘yicha maxsus til kurslarini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ijobiy hal etildi.
Mazkur kelishuvlar ikki tomonlama akademik va madaniy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, xalqaro ta’lim hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.




