Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“Sharq mamlakatlaridagi xalqaro munosabatlari siyosatshunoslar muhokamasida” mavzusida tashkil etilgan konferensiya

2022-yilning 21-may kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Sharq mamlakatlari siyosati va xalqaro munosabatlar” kafedrasi tomonidan “Sharq mamlakatlaridagi xalqaro munosabatlarning zamonaviy transformatsiyasi” mavzusida konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi vakillari, tegishli soha mutaxassislari va olimlari, talabalar, OAV vakillaridan iborat 60 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G.Rixsiyeva ochib berar ekan, Sharq mamlakatlari siyosiy taraqqiyoti xususiyatlari va rivojlanish modellarini kompleks tadqiq etishning ahamiyati, shuningdek O‘zbekistonning ushbu mintaqa davlatlari bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarini yanada rivojlantirishga konseptual asos bo‘luvchi “Sharq mamlakatlari siyosati va xalqaro munosabatlar” kafedrasi tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur tadbirning o‘rniga alohida e’tibor qaratdi.

Ma’ruzalarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqaro tashkilotlarni yuqori minbarlarida bildirgan tashabbuslarini hayotga izchillik bilan tatbiq etish uchun Parlamentning alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilganligi hamda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzuida xalqaro forum (Buxoro sh.) kabi anjuman va tadbirlar tashkil etilayotganligi, ushbu tadbir siyosatshunos olimlar, tadqiqotchilar va soha ekspertlarini bir joyda to‘plagan anjuman ekanligini, Sharq mamlakatlaridagi zamonaviy xalqaro munosabatlarda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini aks ettirish hamda amalga oshirilayotgan pragmatik tashqi siyosat istiqbollari alohida ta’kidlandi.

Xususan, konferensiyada xalq diplomatiyasining xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni, Sharq mamlakatlaridagi zamonaviy siyosiy jarayonlarda “yumshoq kuch texnologiyasi”dan foydalanishning ayrim jihatlari, O‘zbekiston va BMTning rivojlanish muammolari bo‘iycha samarali hamkorligi, yangi dunyo tartiboti shakllanishida Markaziy Osiyo davlatlari va unda Afg‘oniston omilining o‘rni, bir tomonlama iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llash mexanizmlari, zamonaviy O‘zbekiston-Pokiston hamkorlik aloqalarini rivojlantirishning istiqbollari hamda Turkiy davlatlar hamkorligidagi mavjud dolzarb muammolar muhokama qilindi.

E’tiborlisi, konferensiya yakunida yuqorida muhokama qilingan mavzular doirasida O‘zbekistonning roli va ishtiroki, ushbu jarayonlarda mamlakat milliy manfaatlarini ifoda etishning o‘ziga xos mexanizm va texnologiyalari yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Umuman olganda, bugungi kunda Sharq mamlakatlari jadallik bilan rivojlanib bormoqda va bu esa, o‘z-o‘zidan zamonaviy Sharq dunyosi davlatlarini tizimli ravishda o‘rganish va yangi istiqbolli hamkorlik nuqtalarini aniqlashni kun tartibiga qo‘ymoqda.

photo_2023-08-21_19-24-47

21.08.2023, 19:27 514