Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Leyden universitetida jadidchilik harakatining tarixi va intellektual merosiga bag‘ishlangan ma’ruza o‘tkazildi

29.09.2026, 16:19 Yangiliklar 60

Erasmus+ International Credit Mobility (ICM) dasturi doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti PhD, dotsenti Omonova Maxfurat Murod qizi Niderlandiyaning nufuzli Leyden universitetida jadidchilik harakatining tarixi, intellektual merosi va zamonaviy ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Ma’ruza davomida XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston hududida shakllangan jadidchilik harakatining asosiy g‘oyalari, uning ta’lim, ilm-fan, matbaa va madaniyat taraqqiyotidagi o‘rni, shuningdek, milliy o‘zlik va ijtimoiy-madaniy identiklik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda jadidchilik harakatining yirik namoyandalari — Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat va Abdulla Avloniyning ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda boy intellektual merosiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, jadidlarning jamiyatni modernizatsiya qilish, ta’lim tizimini isloh etish, zamonaviy ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirish borasidagi qarashlari haqida fikr almashildi. Jadidlar merosining bugungi O‘zbekistonning ijtimoiy, ma’naviy va madaniy taraqqiyotidagi ahamiyati yuzasidan ham mulohazalar bildirildi.

Ma’ruza ochiq akademik muloqot shaklida tashkil etilib, unda Leyden universitetining talabalari hamda professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Muloqot davomida jadidchilik g‘oyalarining tarixiy jarayonlarni, shuningdek, zamonaviy O‘zbekistondagi ijtimoiy-madaniy transformatsiyalarni anglashdagi o‘rni yuzasidan savol-javob va fikr almashinuvi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur akademik tashrif Erasmus+ dasturi doirasida xalqaro akademik mobillikni rivojlantirish, ilmiy tajriba almashish va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Shuningdek, tashrif Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Leyden universiteti o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy aloqalarni yanada mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar o‘rtasidagi akademik muloqotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.