Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK UNIVERSITETI REKTORINING QURBON HAYITI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

20.07.2021, 11:04 Yangiliklar 3405

 

TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK UNIVERSITETINING QADRLI JAMOASI, PROFESSOR-O‘QITUVCHILAR VA TALABALAR‼️

Barchangizni xalqimizning azaliy qadriyati, muqaddas dinimizning bosh bayrami qutlug‘ Qurbon Hayiti bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Bu ajoyib bayram asrlar osha diniy, ma’naviy hayotimizning ajralmas qismi sifatida bag‘rikenglik, mehru oqibat ramzi o‘laroq insoniy qadriyatlarni ko‘rsatuvchi umumxalq bayrami sifatida nishonlanib kelinmoqda. Zero, bunda barchamiz Yaratganning roziligini istab, ezgu amallarga shoshilamiz. Oilamiz, mahalla-kuy, qavmu qarindosh, do‘sti yorlarni ko‘nglini olishga, og‘irini yengil qilishga harakat qilamiz. 

Ayni damda, sinovli kunlar – COVID-19 pandemiyasi huruji qaytadan kuchayayotgan kezlarda biz uchun o‘zaro yordam, qat’iy intizom, xotirjamlik ko‘proq ahamiyat kasb etayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Universitetimiz jamoasi ushbu sharoitda o‘zaro hamjihatlik bilan ta’lim tizimini raqamlashtirishda katta qadam tashladi. Bu holat oliy ta’lim tizimi uchun ulkan chaqiriq bo‘ldi, jamoamiz ushbu yuzaga kelgan vaziyatdan yorug‘ yuz bilan chiqmoqda. 

O‘rni kelganda aytish joizki, koronavirus sabab jamoamiz a’zolari orasida bemor bo‘lganlarimiz bor. Fursatdan foydalanib dardmandlarimizga shifoi komil tilab qolaman. Siz azizlarga va ko‘ngilga yaqin talabalarimizga koronavirusga qarshi kurashning eng samarali usuli bu – emlanish ekanligini yana bir karra eslatib o‘tmoqchiman. Zero, emlanish xavfsiz va eng maqbul yechimdir! Rektor sifatida kasbdoshlarim va qadrli talabalarimizni hayoti uchun qayg‘urgan holda emlanishni tavsiya etaman! 

So‘zim yakunida universitet jamoasini yana bir marotaba Qurbon Hayiti bayrami bilan chin ko‘ngildan qutlayman. Eng yaxshi tilaklarimni Siz azizlarga yo‘llab qolaman. Tinchlik, xotirjamlik, tani sog‘lik, farovonlik, mehru oqibat, xayru baraka tilayman.

Hurmat bilan,

Gulchehra Rixsiyevа