Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazilmoqda
2026-yil 6–7-oktabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tmoqda.
Nufuzli xalqaro ilmiy anjumanda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etmoqda. Simpoziumning ochilish marosimida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Nasirova Saodat Abdullayevna kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro simpozium Turkiya Fanlar akademiyasi (TÜBA), Anqara Yildirim Boyazid universiteti, O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda.



Anjumanda Temuriylar davrining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ilmiy merosi, Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, ta’lim, san’at hamda me’morchilikning rivoji, shuningdek, ushbu davrning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni kabi muhim masalalar muhokama qilinmoqda.


Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari ham o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etib, Amir Temur va Temuriylar davriga oid tarixiy manbalar, siyosiy va ijtimoiy jarayonlar, shuningdek, boy ilmiy-madaniy merosning bugungi kundagi ahamiyati yuzasidan ilmiy fikr va tahlillarini taqdim etmoqdalar.


Xalqaro simpozium olimlar va tadqiqotchilar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, Temuriylar davrining tarixiy va madaniy merosini chuqur o‘rganish hamda ushbu bebaho merosni xalqaro ilmiy jamoatchilikka keng targ‘ib etish uchun muhim ilmiy platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.


