BOYSUN TUMAN 3-SON TEXNIKUMI TALABALARI UCHUN KASBIY ONLAYN MA’RUZA TASHKIL ETILDI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-135-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Boysun tuman 3-son texnikumi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Turizm” kafedrasi hamkorligi doirasida 2026-yil 5-iyun kuni texnikumning “Turizm” yo‘nalishi talabalari uchun “Gid va gid-tarjimonlarning kasbiy faoliyatiga kirish” mavzusida kasbiy onlayn ma’ruza tashkil etildi.

Ma’ruza Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Turizm” kafedrasi o‘qituvchisi M. S. Nurullayeva tomonidan “Zoom” platformasi orqali olib borildi. Tadbirda talabalarga gid va gid-tarjimon kasbining turizm sohasidagi o‘rni, ushbu kasb egalarining asosiy vazifalari, kasbiy etikasi, muloqot madaniyati, xorijiy tillarni bilishning ahamiyati hamda zamonaviy turizm bozorida gid-tarjimonlarga qo‘yilayotgan talablar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ma’ruza davomida gid va gid-tarjimon faoliyati nafaqat turistlarga ma’lumot yetkazish, balki mamlakatning tarixiy-madaniy merosi, milliy qadriyatlari va turistik salohiyatini munosib targ‘ib qilish bilan bevosita bog‘liq ekani ta’kidlandi. Shuningdek, talabalarga xorijiy mamlakatlar tajribasi, ekskursiya jarayonini tashkil etish madaniyati, turistlar bilan samarali muloqot qilish usullari hamda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda gidlarning mas’uliyati haqida tushunchalar berildi. Boysun tuman 3-son texnikumi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Turizm” kafedrasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan bunday hamkorlik ishlari bugungi kunda alohida dolzarblik kasb etadi. Chunki turizm sohasining barqaror rivojlanishi, avvalo, malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yosh kadrlarni tayyorlash bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, hududlarda tahsil olayotgan yoshlarning turizm kasblari bo‘yicha nazariy bilimlarini boyitish, ularni sohaga qiziqtirish va kelajakdagi kasbiy yo‘nalishini to‘g‘ri belgilashda oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ma’ruzalar muhim ahamiyatga ega. Mazkur hamkorlik doirasida tashkil etilayotgan ilmiy-amaliy va kasbiy yo‘naltirilgan tadbirlar ta’lim jarayonining sifatini oshirish, texnikum talabalari uchun oliy ta’lim muhitiga yaqinlashish imkoniyatini yaratish hamda “ustoz–shogird” an’analarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan berilayotgan ma’ruzalar talabalarning kasbiy dunyoqarashini kengaytirib, ularda turizm sohasida ishlash uchun zarur bo‘lgan bilim, muloqot madaniyati, tashabbuskorlik va amaliy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi. Shuningdek, bunday hamkorlik hududiy ta’lim muassasalari va oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytiradi. Texnikum talabalari uchun tashkil etilayotgan kasbiy ma’ruzalar ularning kelgusida oliy ta’limda tahsilni davom ettirish, turizm yo‘nalishida chuqurroq bilim olish va sohada raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib shakllanishiga rag‘bat beradi. Bu esa mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanishda muhim omillardan biri hisoblanadi. Tadbir interaktiv tarzda tashkil etilib, ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarilib, gid va gid-tarjimon kasbining amaliy jihatlari bo‘yicha foydali tavsiyalar berildi. Ushbu ma’ruza talabalarning turizm sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kasbiy bilimlarini kengaytirish hamda ularni kelajakda turizm va mehmondo‘stlik sohasida faoliyat yuritishga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur tadbir Boysun tuman 3-son texnikumi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Turizm” kafedrasi o‘rtasidagi samarali hamkorlikning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.