Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

G’arb tillari oliy maktabi

Saidakbarova Saodat Parxadjanovna
Ilmiy darajasi va unvoni: PhD, dotsent
Lavozimi: Kafedra mudiri
Qabul vaqtlari: Har kuni  (08:00-16:00)
Tel.: +99871 233-34-24
E-mail: saodat_saidakbarova@tsuos.uz

G‘ARB TILLARI KAFEDRASI

TIL, TA’LIM, ILM-FAN VA XALQARO HAMKORLIK CHORRAHASIDA

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti G‘arb tillari kafedrasi – xorijiy tillarni o‘qitish, zamonaviy lingvistika va tarjimashunoslik tadqiqotlarini rivojlantirish, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish hamda yuqori malakali, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan ilmiy-ta’limiy markazdir.

Kafedraning asosiy maqsadi – talabalarga xorijiy tilni shunchaki muloqot vositasi sifatida emas, balki xalqaro ta’lim, ilm-fan, diplomatiya, tarjima, madaniyatlararo muloqot va professional faoliyat vositasi sifatida o‘rgatishdir.

Bugungi kunda kafedra o‘z faoliyatida ta’lim va ilmiy tadqiqotning uzviyligini, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, xalqaro standartlarni hamda talabaning mustaqil va tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish tamoyillarini ustuvor deb biladi.

KAFEDRA HAQIDA

Kafedraning shakllanish tarixi universitetda xorijiy tillarni o‘qitishning ko‘p yillik an’analari bilan bog‘liq. 1977-yilda Ingliz tili kafedrasi tashkil etilgan bo‘lsa, 1991-yildan G‘arbiy Yevropa tillari kafedrasi sifatida faoliyat davom ettirildi. 2020-yildan bo‘lim G‘arb tillari kafedrasi nomi bilan faoliyat yurita boshladi. 2024-yilda universitetdagi optimizatsiya va transformatsiya jarayonlari natijasida kafedra Amaliy fanlar fakulteti tarkibiga kiritildi.

2024-yildan kafedraga PhD, dotsent Saidakbarova Saodat Parxadjanovna rahbarlik qilmoqda.

OLIY MAKTAB PROFESSOR-O’QITUVCHILAR RO’YXATI

BIZNING MISSIYAMIZ

G‘arb tillari kafedrasining missiyasi – til ta’limi, zamonaviy ilmiy tadqiqot va xalqaro akademik hamkorlikni birlashtirgan holda, o‘z kasbiy faoliyatida xorijiy tillardan erkin va samarali foydalana oladigan, global fikrlaydigan, ilmiy izlanishga qodir va madaniyatlararo muloqot kompetensiyasiga ega mutaxassislarni tayyorlashdir.

Kafedra:

  • yuqori sifatli va zamonaviy xorijiy til ta’limini ta’minlash;
  • ta’lim jarayonini ilg‘or pedagogik texnologiyalar va xalqaro tajriba bilan boyitish;
  • talabalarni mustaqil fikrlash, ilmiy izlanish va akademik yozuvga yo‘naltirish;
  • professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini muntazam oshirish;
  • milliy va xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish;
  • xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan akademik aloqalarni rivojlantirish;
  • ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta’minlash
  • kabi vazifalarni o‘z faoliyatining muhim yo‘nalishlari deb biladi.

TA’LIM

Bakalavriat va magistratura

Kafedra rivojlanishining yangi bosqichi 2024–2025 o‘quv yilida boshlandi.

Kafedrada:

60110900 – Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi;

70110901 – Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) magistratura mutaxassisligi

bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, G‘arb tillari kafedrasi universitetning barcha ta’lim yo‘nalishlarida xorijiy tillarni kasbiy va akademik maqsadlarda o‘qitishni ta’minlaydi. “Xorijiy til va adabiyoti” bakalavriat va magistratura dasturlaridan tashqari, boshqa barcha ta’lim yo‘nalishlari talabalariga English for Specific Purposes (ESP) tamoyillari asosida ingliz tili ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitiladi. Talabalar tanlov va o‘quv rejasiga muvofiq fransuz va ispan tillarini ham ikkinchi xorijiy til sifatida o‘rganish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, universitetning barcha ta’lim yo‘nalishlarida rus tili uchinchi til sifatida o‘qitilib, talabalarning ko‘p tilli, akademik va professional kommunikatsiya kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mazkur dasturlar talabalarni ingliz tilini yuqori darajada egallash bilan birga, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik, xorijiy til o‘qitish metodikasi, akademik va ilmiy kommunikatsiya kabi sohalarda chuqur nazariy va amaliy bilimlar bilan ta’minlashga qaratilgan.

ZAMONAVIY TIL TA’LIMI

Kafedrada ta’lim jarayoni talabaning faol ishtirokiga asoslangan zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida tashkil etiladi.

Darslarda:

  • kommunikativ yondashuv;
  • integrallashgan til ko‘nikmalarini rivojlantirish;
  • loyiha asosida o‘qitish;
  • muammoli ta’lim;
  • mustaqil va kollaborativ o‘rganish;
  • akademik yozuv;
  • taqdimot va ommaviy nutq;
  • raqamli va multimedia vositalaridan foydalanish;
  • tilni professional va akademik kontekstda qo‘llash
  • kabi metod va texnologiyalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Kafedra uchun til o‘rganish – grammatik qoidalar yoki lug‘at boyligini o‘zlashtirish bilangina cheklanmaydi. Talabada fikrni asoslash, axborotni tahlil qilish, turli madaniyat vakillari bilan muloqot qilish va xalqaro akademik muhitda faoliyat yuritish kompetensiyasini shakllantirish ham ta’limning muhim qismidir.

 ILMIY-TADQIQOT FAOLIYATI

Ilm-fan G‘arb tillari kafedrasi faoliyatining strategik yo‘nalishlaridan biridir.

Kafedra professor-o‘qituvchilari zamonaviy filologiyaning turli yo‘nalishlarida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib bormoqda.

Asosiy ilmiy yo‘nalishlar:

  • qiyosiy va chog‘ishtirma tilshunoslik;
  • tarjimashunoslik va badiiy tarjima;
  • lingvomadaniyatshunoslik;
  • pragmalingvistika va diskurs tahlili;
  • gender lingvistikasi;
  • semantika va leksikografiya;
  • xorijiy til o‘qitish metodikasi;
  • adabiyotshunoslik;
  • madaniyatlararo kommunikatsiya;
  • akademik va professional kommunikatsiya;
  • zamonaviy pedagogik texnologiyalar.

Professor-o‘qituvchilar tomonidan ingliz va o‘zbek tillari qiyosiy tahlili, milliy-madaniy birliklarning tarjimasi, badiiy tarjimada ekvivalentlik, lingvomadaniy xususiyatlar, nutq janrlari, pragmatika, xorijiy til ta’limi va boshqa dolzarb yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Kafedrada ilmiy tadqiqot natijalarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish, yosh tadqiqotchilarni ilmiy faoliyatga jalb qilish hamda xalqaro akademik maydonda nashrlar soni va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

XALQARO HAMKORLIK VA GLOBAL AKADEMIK ALOQALAR

Xalqaro hamkorlik G‘arb tillari kafedrasi faoliyatining eng muhim strategik yo‘nalishlaridan biridir. Kafedra xorijiy universitetlar, xalqaro ta’lim tashkilotlari va ilmiy markazlar bilan hamkorlikni nafaqat institutsional aloqalar, balki qo‘shma ta’lim loyihalari, malaka oshirish dasturlari, xalqaro konferensiyalar, akademik almashinuv, yozgi maktablar va ilmiy tashabbuslar orqali rivojlantirib bormoqda.

So‘nggi yillarda kafedraning xalqaro faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi. Hamkorlik geografiyasi Buyuk Britaniya, Malayziya, Vengriya, Xitoy, Koreya Respublikasi va boshqa mamlakatlarni qamrab olmoqda.

UNIVERSITY OF WARWICK BILAN HAMKORLIK

 muhim xalqaro hamkorlaridan biri – University of Warwick (Buyuk Britaniya) hisoblanadi.

University of Warwick bilan hamkorlik doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ESP Hub – English for Specific Purposes Hub markazi tashkil etildi.

ESP Hubning asosiy maqsadi ingliz tilini turli kasbiy va akademik yo‘nalishlarga moslashtirib o‘qitish, zamonaviy English for Specific Purposes (ESP) metodikasini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyasini oshirish hamda xalqaro tajribalarni universitet ta’lim jarayoniga tatbiq etishdan iborat.

Markaz doirasida:

  • zamonaviy ESP metodologiyalarini rivojlantirish;
  • professor-o‘qituvchilar uchun seminar va treninglar tashkil etish;
  • xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashish;
  • mutaxassislikka yo‘naltirilgan ingliz tili kurslarini takomillashtirish;
  • yangi o‘quv-uslubiy materiallar yaratish;
  • qo‘shma ilmiy va metodik loyihalarni amalga oshirish
  • kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib borilmoqda.

Mazkur hamkorlik kafedrada ingliz tilini o‘qitishni xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirish va universitetda ESP ta’limining zamonaviy modelini shakllantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

BRITISH COUNCIL BILAN HAMKORLIK

British Council G‘arb tillari kafedrasining uzoq muddatli xalqaro hamkorlaridan biridir.

Hamkorlik doirasida xorijiy tillarni o‘qitish metodikasini takomillashtirish, o‘qituvchilarning professional rivojlanishi, xalqaro ilmiy va metodik tadbirlarni tashkil etish hamda zamonaviy pedagogik tajribalarni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

2026-yilda G‘arb tillari kafedrasi tomonidan University of Warwick va British Council bilan hamkorlikda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiya xorijiy tillarni o‘qitishning zamonaviy tendensiyalari, innovatsion pedagogik texnologiyalar, English for Specific Purposes, xalqaro ta’lim tajribasi va ilmiy tadqiqotlarning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro akademik maydon vazifasini bajardi.

Mazkur tadbir xorijiy va mahalliy olimlar, pedagoglar, tadqiqotchilar hamda yosh mutaxassislar o‘rtasida ilmiy fikr va ilg‘or tajribalarni almashish imkonini yaratdi.

INTI INTERNATIONAL UNIVERSITY BILAN HAMKORLIK

Kafedra Osiyo mintaqasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.

Malayziyaning INTI International University bilan ta’lim va akademik hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu hamkorlikning amaliy natijalaridan biri sifatida 2026-yil aprel oyida G‘arb tillari kafedrasining 6 nafar professor-o‘qituvchisi Malayziyada malaka oshirish dasturida ishtirok etdi.

ERASMUS+ VA KÁROLI GÁSPÁR UNIVERSITY BILAN HAMKORLIK

G‘arb tillari kafedrasi Yevropa oliy ta’lim makoni bilan integratsiyani rivojlantirish maqsadida Erasmus+ dasturi doirasidagi xalqaro hamkorlikni ham kengaytirmoqda.

Vengriyaning Károli Gáspár University bilan Erasmus+ yo‘nalishida hamkorlik boshlandi.

NILE – NORWICH INSTITUTE FOR LANGUAGE EDUCATION

Buyuk Britaniyaning Norwich Institute for Language Education (NILE) instituti bilan hamkorlik kafedraning professor-o‘qituvchilar malakasini xalqaro standartlar asosida oshirish yo‘nalishidagi muhim tashabbuslaridan biridir.

Hamkorlik doirasida xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi, zamonaviy pedagogika, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va professional rivojlanishga qaratilgan xalqaro dasturlarda professor-o‘qituvchilarning ishtiroki yo‘lga qo‘yilgan.

Bunday dasturlar orqali kafedra xalqaro tajribani mahalliy ta’lim jarayoniga olib kirish, zamonaviy metodlarni keng joriy etish va o‘qituvchilarning professional salohiyatini muntazam oshirishga intiladi.

XALQARO YOZGI MAKTAB

G‘arb tillari kafedrasining muhim xalqaro ta’lim loyihalaridan yana biri — xorijiy talabalar uchun rus tili va madaniyatiga bag‘ishlangan yozgi maktabdir.

Mazkur dastur har yili xorijiy talabalar uchun tashkil etilib, kafedraning rus tili bo‘yicha tajribali professor-o‘qituvchilari dasturda faol ishtirok etadilar.

Yozgi maktabning asosiy maqsadi xorijiy talabalarga:

  • rus tilini intensiv ravishda o‘rganish;
  • og‘zaki va yozma nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish;
  • akademik va kundalik kommunikatsiya malakasini shakllantirish;
  • O‘zbekiston tarixi va madaniyati bilan tanishish;
  • xalqaro va madaniyatlararo muloqot tajribasini orttirish
  • imkoniyatini yaratishdan iborat.

2026-yilgi yozgi dasturda Xitoy va Koreya Respublikasidan kelgan talabalar ishtirok etdilar.

Darslar G‘arb tillari kafedrasining rus tili o‘qituvchilari tomonidan olib borilib, til mashg‘ulotlari madaniy va ma’rifiy dasturlar bilan uyg‘unlashtirildi.

Bu loyiha kafedraning nafaqat G‘arb tillarini o‘qitish, balki O‘zbekistonni xalqaro ta’lim va madaniyatlararo muloqot maydoni sifatida targ‘ib etishdagi rolini ham namoyon etadi.

TALABALAR VA PROFESSOR-O‘QITUVCHILAR UCHUN GLOBAL IMKONIYATLAR

G‘arb tillari kafedrasi xalqaro hamkorlikni faqat memorandum yoki rasmiy kelishuv darajasida emas, balki talaba va professor-o‘qituvchi uchun real akademik imkoniyatga aylantirish tamoyiliga amal qiladi.

Bugungi kunda ushbu imkoniyatlar quyidagi yo‘nalishlarda rivojlanmoqda:

  • xorijda professor-o‘qituvchilarning malaka oshirishi;
  • Erasmus+ akademik mobilligi;
  • xalqaro yozgi maktablar;
  • xorijiy talabalarni TDSHUga jalb etish;
  • xalqaro konferensiya va seminarlar;
  • xorijiy ekspertlar bilan master-klass va treninglar;
  • ESP Hub doirasidagi xalqaro loyihalar;
  • qo‘shma ilmiy tadqiqotlar;
  • xalqaro ilmiy nashrlar;
  • talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi.

Shu tariqa, kafedra xalqaro aloqalarni ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va global akademik tajribani rivojlantiruvchi amaliy mexanizm sifatida shakllantirib bormoqda.

PROFESSOR-O‘QITUVCHILAR JAMOASI

G‘arb tillari kafedrasining eng muhim boyligi – uning akademik jamoasidir.

Bugungi kunda kafedrada 36 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Jamoa tarkibida tajribali dotsentlar, PhD va DSc ilmiy darajasiga ega olimlar, katta o‘qituvchilar, o‘qituvchilar hamda yosh pedagoglar mavjud.

Kafedrada tajriba va yangilik uyg‘unligiga alohida ahamiyat beriladi: katta akademik tajribaga ega ustozlar bilan bir qatorda, zamonaviy metodlarni egallayotgan yosh tadqiqotchilar va pedagoglarning ilmiy-professional rivojlanishi qo‘llab-quvvatlanadi.

Professor-o‘qituvchilar nafaqat auditoriyada dars beradi, balki ilmiy tadqiqot olib boradi, darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratadi, xalqaro va respublika konferensiyalarida ishtirok etadi hamda talabalarni ilmiy va professional faoliyatga yo‘naltiradi.

Kafedra mudiri:
Saidakbarova Saodat Parxadjanovna
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent

TALABA MARKAZIDA

G‘arb tillari kafedrasining ta’lim falsafasi markazida talaba turadi.

Biz talabalarni tayyor bilimni qabul qiluvchi emas, balki o‘z ta’limining faol ishtirokchisi sifatida ko‘ramiz.

Shu sababli ta’lim jarayonida talabalarning:

  • chet tilida erkin muloqot qilishi;
  • mustaqil fikrlashi;
  • dalillarga asoslangan xulosa chiqarishi;
  • akademik matn yozishi;
  • omma oldida taqdimot qilishi;
  • ilmiy manbalar bilan ishlashi;
  • tadqiqot olib borishi;
  • turli madaniyat vakillari bilan samarali kommunikatsiya qilishi;
  • jamoada va mustaqil ishlashi
  • kabi kompetensiyalarini rivojlantirishga katta ahamiyat beriladi.

Kafedraning maqsadi – bitiruvchiga nafaqat diplom, balki xalqaro akademik va professional muhitda o‘z o‘rnini topish imkonini beradigan bilim, til kompetensiyasi va intellektual mustaqillik berishdir.

TA’LIM VA ILM-FAN INTEGRATSIYASI

Kafedrada o‘qitish va ilmiy tadqiqot bir-biridan ajralgan faoliyat sifatida qaralmaydi.

Professor-o‘qituvchilarning ilmiy izlanishlari natijalari o‘quv jarayoniga tatbiq etiladi, yangi tadqiqot yo‘nalishlari esa talabalar uchun kurs ishlari, bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik tadqiqotlarining ilmiy asosiga aylanadi.

Bu yondashuv talabaga mavjud bilimni o‘zlashtirish bilan cheklanmasdan, yangi savollar qo‘yish, manbalarni tanqidiy tahlil qilish va mustaqil ilmiy xulosaga kelish imkonini beradi.

G‘ARB TILLARI KAFEDRASI – KELAJAKKA OCHILGAN TIL MAKONI

Bugungi kunda xorijiy til bilish shunchaki qo‘shimcha ko‘nikma emas. U xalqaro ta’lim, ilmiy hamkorlik, diplomatiya, global iqtisodiyot, madaniyatlararo muloqot va zamonaviy kasbiy faoliyatning muhim shartlaridan biridir.

Shu nuqtai nazardan, TDSHU G‘arb tillari kafedrasi o‘z oldiga faqat xorijiy til o‘rgatish vazifasini emas, balki Sharq va G‘arb o‘rtasida bilim, til va madaniyat orqali akademik ko‘prik yaratish vazifasini ham qo‘yadi.

Ko‘p yillik akademik an’analar, tajribali professor-o‘qituvchilar jamoasi, yangi bakalavriat va magistratura dasturlari, rivojlanayotgan ilmiy maktablar hamda xalqaro aloqalar kafedraning bugungi taraqqiyoti uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Biz tillarni o‘rgatamiz.
Biz tadqiqot qilamiz.
Biz madaniyatlarni bog‘laymiz.
Biz global fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlaymiz.

KAFEDRANING FAOLIYATI BOYICHA FOTO LAVHALAR

22.08.2026, 14:01 9058