TDSHUda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan tadbir
Oliygoh bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalari yuzasidan 2025-yil 8-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2025-yil 18-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yirik xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, universitetning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, shuningdek, xorijiy ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining 38 ta yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi vakillari ham qatnashdi. Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘zining asosiy yo‘nalishlari, kadrlar tayyorlash tizimi va xalqaro hamkorlikdagi tajribasini taqdimot orqali namoyish etdi.
Tadbir davomida universitet bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalalari, ularning xorijiy kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatlari hamda xitoyshunos mutaxassislarni tayyorlash jarayoniga Xitoy investitsiyalarini jalb etish istiqbollari atroflicha muhokama etildi.
Shu bilan birga, Xitoy nodavlat ilmiy-texnologiya tadbirkorlari uyushmasi hamda Xitoy xususiy fan va texnologiya sanoatchilari uyushmasi rahbarlari uchrashuv jarayonida universitetning hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olib, kelgusida qo‘shma loyihalar, stajirovkalar va ta’lim-ilmiy hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.
Uchrashuv yakunida Xitoy kompaniyalari vakillari universitetning ilmiy salohiyati, pedagogik salohiyati hamda malakali kadrlar tayyorlashdagi ko‘p yillik tajribasi bilan yaqindan tanishdilar. Ular Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bitiruvchilarining yuqori bilim va ko‘nikmalarga ega ekanini alohida ta’kidlab, istiqbolda o‘z kompaniyalariga mazkur bitiruvchilarni jalb etishga katta qiziqish bildirdilar.
Mazkur tadbir SDG 8 – Munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida tashkil etildi. Tadbir orqali bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasini ta’minlash hamda yoshlar bandligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Xorijiy kompaniyalar, xususan, Xitoyning yetakchi korxonalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatilishi bitiruvchilar uchun yangi ish o‘rinlari va amaliyot imkoniyatlarini kengaytirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida universitet va xalqaro ish beruvchilar o‘rtasida barqaror hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Natijada, ushbu tashabbus yoshlarning munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishi, ularning kasbiy rivojlanishi va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shishiga xizmat qildi.
https://tsuos.uz/en/tdshuda-bitiruvchilarni-ish-bilan-taminlashga-qaratilgan-tadbir-bolib-otdi/
