Ish bilan ta’minlanishga oid hamkorlik kelishuvi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qaroriga muvofiq, “O‘zmilliybank” AJ, “Kelajakka qadam” markazi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu tashabbus BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida SDG 8 – munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yoshlar bandligini oshirish va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Kelishuv doirasida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan talabalarning innovatsion biznes g‘oyalarini moliyalashtirish, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish hamda ularning startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar tashkil etilib, g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, kelishuv doirasida talabalar uchun mahalliy ishlab chiqarish korxonalarida hamda xorijdagi oliy ta’lim muassasalarida haq to‘lanadigan amaliyot dasturlarini tashkil etish nazarda tutilgan. Bu esa yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, mehnat bozoriga raqobatbardosh kadr sifatida kirib borishini ta’minlash va ularning kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur hamkorlik tashabbusi nafaqat ta’lim va ish beruvchilar o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytiradi, balki yoshlar bandligini oshirish, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
