Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Gyeongkuk milliy universiteti bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o’tkazildi

30.10.2026, 18:22 Yangiliklar 42

2026-yil 30-oktabr kuni Koreya Respublikasining Andong shahrida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti delegatsiyasi hamda Gyeongkuk Milliy universitetirahbariyati o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mavjud kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Gyeongkuk Milliy universiteti prorektori Lee Hyok Jae, universitet Glocal instituti direktori Lim Chae Xvan hamda boshqa mas’ul vakillar, TDSHU tomonidan esa ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor D. Sayfullayev, rektor maslahatchisi Asilbek Shukurov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Sh.Salimov va universitet vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Gyeongkuk Milliy universitetiprorektori Lee Hyok Jae mezbon universitet nomidan TDSHU delegatsiyasini samimiy qutlab, Andong shahrining tarixiy va madaniy ahamiyati, uning Koreya Respublikasining boy madaniy merosini saqlash va rivojlantirishdagi o‘rni haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u o‘tgan hafta TDSHUga amalga oshirgan tashrifi hamda universitetda Koreys tili va madaniyati markazining ochilish marosimida ishtirok etganini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi uchrashuvning asosiy maqsadlaridan biri mazkur markaz faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, uning imkoniyatlaridan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida foydalanish va belgilangan tashabbuslarni amaliy jihatdan jadallashtirishdan iborat.

TDSHU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori D. Sayfullayev o‘z so‘zida ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik 2024-yildan buyon izchil rivojlanib kelayotganini ta’kidladi. Tomonlarning so‘nggi o‘n kun ichida uch marotaba uchrashgani ham o‘zaro aloqalarning faollashib borayotganidan dalolat berishi qayd etildi. Shuningdek, mazkur xalqaro forum doirasida ikki universitet vakillari tomonidan taqdim etilgan ilmiy ma’ruzalarning mavzu va mazmun jihatidan bir-biriga yaqinligi tomonlarning ilmiy qarashlari va ustuvor yo‘nalishlari o‘zaro hamohang ekanini namoyon etishi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan, avval ishlab chiqilgan hamkorlik takliflarini qayta ko‘rib chiqish, ularni yanada takomillashtirish va aniq amaliy mexanizmlar bilan boyitish maqsadga muvofiqligi bildirildi. D. Sayfullayev, shuningdek, TDSHU delegatsiyasini xalqaro forumda ishtirok etishga taklif qilgani, samimiy kutib olgani va ilmiy muloqot uchun yaratilgan sharoitlar uchun mezbon universitet rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

Muzokaralar davomida Gyeongkuk Milliy universitetiprorektori Lee Hyok Jae ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda o‘zaro manfaatdorlik va teng imkoniyatlar tamoyiliga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Xususan, qo‘shma ta’lim dasturi (Double Degree) dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha har ikki universitet uchun teng akademik va institutsional manfaatlarni ta’minlaydigan takliflar ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi. Shuningdek, Koreya Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan GLOCAL dasturi doirasidagi moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlardan samarali foydalanish, ushbu resurslar asosida har ikki tomon uchun aniq natijalar beradigan loyihalarni shakllantirish zarurligi qayd etildi.

Prorektorning fikricha, hamkorlikning navbatdagi bosqichi umumiy kelishuvlar va tashabbuslardan aniq amaliy faoliyatga o‘tish bilan tavsiflanishi lozim. Shu nuqtayi nazardan, 2027-yildan boshlab talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qisqa muddatli akademik mobillik dasturlarini amalga oshirish hamda TDSHU talabalarining koreys tilini bilish darajasini bosqichma-bosqich oshirishga qaratilgan tizimli mexanizmlarni ishlab chiqish taklif etildi. Bunda talabalar uchun til tayyorgarligi, akademik almashinuv va ta’lim dasturlarida ishtirok etish jarayonlarini o‘zaro muvofiqlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Lee Hyok Jae ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik qisqa muddatli tashabbuslar bilan cheklanib qolmasdan, uzoq muddatli va barqaror institutsional sheriklikka aylanishi zarurligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, hamkorlikning dastlabki tashkiliy va huquqiy asoslari shakllantirilgan, endilikda ularni amaliy natijalar bilan mustahkamlash va yangi tashabbuslarni amalga oshirish vaqti kelgan. Gyeongkuk Milliy universitetirahbariyati o‘zaro manfaatli yangi takliflarni ko‘rib chiqish va qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ham ma’lum qildi.

Gyeongkuk Milliy universitetiGlocal instituti direktori Lim Chae Xvan hamkorlikning amaliy yo‘nalishlariga to‘xtalib, TDSHUda tashkil etilgan Koreys tili va madaniyati markazining imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligini qayd etdi. Uning fikricha, markaz orqali talabalar nafaqat koreys tilini o‘rganish, Koreya Respublikasi tarixi, madaniyati, jamiyati va zamonaviy taraqqiyot jarayonlari haqida ham kengroq bilim va tushunchalarga ega bo‘lishlari mumkin. Shu bilan birga, avvalgi qisqa muddatli akademik tashrif va almashinuv dasturlarini uzoq muddatli ta’lim va ilmiy hamkorlik shakllariga aylantirish taklif etildi.

Lim Chae Xvan ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar o‘rtasida tajriba almashish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi. Xususan, PPS doirasidagi ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirish masalasiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, Koreya Respublikasining jadal rivojlanayotgan sanoati, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik haqida fikr bildirildi.

Uning ta’kidlashicha, universitetda sanoat tarmoqlarida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va amaliy bilimlar bilan bog‘liq ta’lim imkoniyatlari mavjud bo‘lib, ular asosida talabalarni mehnat bozori talablariga javob beradigan, zamonaviy texnologiyalarni tushunadigan va tegishli sohalarda amaliy faoliyat olib borishga qodir mutaxassislar sifatida tayyorlash mumkin.

Shu bilan birga, Lim Chae Xvan TDSHUning gumanitar fanlar va tillarni o‘qitish borasidagi tajribasi hamda Gyeongkuk National Universityda mazkur yo‘nalishlarga bo‘lgan e’tibor ikki universitet o‘rtasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini shakllantirishini qayd etdi. Uning fikricha, hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishda tomonlarning vakolatlari, mas’uliyat doirasi va faoliyat yo‘nalishlarini oldindan aniq belgilab olish muhim.

TDSHU rektor maslahatchisi A. Shukurov bildirilgan fikr va takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ikki universitet o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi hamkorlikning muhim huquqiy va tashkiliy asosi ekanini, biroq uni amaliy mazmun bilan boyitish alohida tizimli ishlarni talab etishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan, hamkorlikning keyingi bosqichida har ikki tomonning ta’lim va ilmiy-tadqiqot salohiyati, mavjud imkoniyatlari hamda ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda aniq yo‘l xaritasini ishlab chiqish taklif etildi.

Mazkur hujjatda ikki diplomli ta’lim dasturlari, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, talabalar akademik mobilligi, qisqa va uzoq muddatli ta’lim dasturlari hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish mexanizmlarini aks ettirish maqsadga muvofiqligi bildirildi. Shuningdek, tegishli yo‘nalishlar va mas’ul ijrochilar o‘zaro kelishib olingan taqdirda, hamkorlikdagi amaliy ishlarni 2027-yil boshidan boshlash mumkinligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida sun’iy intellekt (AI), turizm va iqtisodiyot sohalarini belgilab oldilar. Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim dasturlarini rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda amaliy hamkorlik shakllarini kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, mavjud anglashuv memorandumini amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish, belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha aniq vazifalar, amalga oshirish muddatlari va mas’ul tomonlarni belgilash maqsadida ikki universitet o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Yo‘l xaritasini ishlab chiqish va imzolashga kelishib olindi.

Mazkur uchrashuv TDSHU va Gyeongkuk Milliy universitetio‘rtasidagi 2024-yildan buyon rivojlanib kelayotgan hamkorlikni yangi amaliy bosqichga olib chiqish, universitetlararo aloqalarning institutsional asoslarini mustahkamlash hamda ta’lim, ilm-fan va akademik mobillik sohalarida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.