MAGISTRLIK DISSERTATSIYALARI HIMOYASI TA’LIM VA AMALIYOT INTEGRATSIYASI ASOSIDA TASHKIL ETILDI
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining «Turizm» kafedrasi 71010101 – «Turizm va mehmondo‘stlik» mutaxassisligi magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalari himoyasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida tashkil etildi.

Himoya jarayonida magistrantlar o‘z ilmiy tadqiqotlari natijalarini taqdim etib, olib borilgan izlanishlarning maqsad va vazifalari, ilmiy yangiligi, nazariy va amaliy ahamiyati hamda erishilgan natijalar yuzasidan ma’lumot berdilar. Davlat attestatsiya hay’ati a’zolari tomonidan berilgan savollarga asosli javoblar taqdim etildi hamda tadqiqotlarning dolzarbligi va soha rivojiga qo‘shadigan hissasi atroflicha muhokama qilindi. Yakunda magistrantlarning ilmiy ishlari Davlat attestatsiya hay’ati tomonidan ijobiy baholandi.

Magistrlik dissertatsiyasi himoyasida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetining turizm va mehmondo‘stlik sohasi bo‘yicha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilari, shuningdek, turistik korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Magistrlik dissertatsiyalari himoyalarining sohaviy ilmiy-tadqiqot muassasalari va hamkor tashkilotlar bazasida o‘tkazilishi ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday format magistrantlarga o‘z ilmiy ishlanmalarini nafaqat akademik muhitda, balki turizm sohasining amaliy vakillari oldida ham taqdim etish imkoniyatini yaratadi. Natijada ilmiy tadqiqotlarning amaliy ahamiyati, ularni soha faoliyatiga joriy etish imkoniyatlari hamda mavjud muammolarni hal etishdagi samaradorligi yanada chuqurroq baholanadi.
Shuningdek, himoya jarayoniga turli oliy ta’lim muassasalari va turizm sohasi vakillarining jalb etilishi magistrantlarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, fanlararo yondashuvlarni rivojlantirish hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ish beruvchi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga zamin yaratadi.
Mazkur himoyalar yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini namoyon etish, innovatsion g‘oyalarni ilgari surish va turizm hamda mehmondo‘stlik sohasini ilmiy asosda rivojlantirishga qaratilgan samarali hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi.