Malayziyaning eng nufuzli universitetlari — TDSHU hamkorlari
TDSHU Malayziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan University of Malaya bilan rasman hamkorlikni boshladi. Ushbu universitet ta’lim sifati, akademik reputatsiya, xalqaro hamkorlik hamda ish beruvchilar bahosi bo‘yicha yuqori natijalarga ega bo‘lib, dunyo universitetlari QS reytingida 54-o‘rinda turadi.
TDSHU rektori G. Rixsiyeva University of Malaya prorektori Hasniya Zaman Nuri bilan hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Shuningdek, Universiti Teknologi Malaysia prezidenti Mohd Shafry Rahim bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu universitet dunyo universitetlari QS reytingida 153-o‘rinda turadi. Universiti Teknologi bilan qo‘shma magistratura dasturlari, talabalar mobilligi, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma doktorantura dasturlari hamda xalqaro ilmiy va madaniy tadbirlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
TDSHUning yana bir hamkori — Universiti Kebangsaan Malaysia milliy reytingda 2-o‘rinda, dunyo QS reytingida esa 126-o‘rinda turadi.
Universiti Kebangsaan Malaysia Islom sivilizatsiyasi instituti direktori Fariza Sham “O‘zbekistonning Malayziyadagi ta’lim elchisi” etib tayinlandi. Shuningdek, ushbu institut bilan ilmiy hamkorlik loyihalarining ijrosi muhokama qilindi.
Universiti Kebangsaan Malaysia bilan hamkorlik doirasida xalqaro ilmiy konferensiyalarni tashkil etish, jumladan, ICGLOBDE konferensiyasida TDSHU professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilarining ishtirokini ta’minlash, talabalarni qisqa muddatli akademik kurslarga jalb qilish, qo‘shma doktorantura dasturlarini joriy etish hamda o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
INTI International University bilan muzokaralar davomida TDSHUning 15 nafar talabasi uchun yozgi maktab dasturida ishtirok etish, ularni turar joy bilan ta’minlash, 20 nafar professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish dasturini tashkil etish, ilmiy stajirovkalarni kengaytirish, bepul magistratura ta’limi imkoniyatlarini ko‘rib chiqish hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Universiti Pendidikan Sultan Idris bilan Scopus bazasidagi ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish tizimini yo‘lga qo‘yish, talabalar mobilligini kengaytirish, summer school dasturlarini tashkil etish va malay tilini o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.





