Milliy qadriyatlar jilosi: “Boysun bahori” festivali ilk kuni
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida o‘tkazilayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining 2026-yilgi dasturi o‘zining ilk kunidayoq rang-barang va mazmunli tadbirlar bilan boshlandi. Festivalning birinchi kunida mahalliy hamda xorijiy ishtirokchilar milliy qadriyatlar, folklor an’analari va etnografik merosni keng namoyish etdilar. Tadbirlar doirasida an’anaviy kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar, xalq o‘yinlari va sahna chiqishlari tomoshabinlarga taqdim etildi. Ishtirokchilar Surxon vohasiga xos urf-odatlar va qadimiy marosimlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Festival hududida tashkil etilgan madaniy maydonlarda hunarmandchilik namunalari, milliy liboslar ko‘rgazmalari hamda xalq amaliy san’ati buyumlari keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Xususan, milliy matolar, kashtachilik mahsulotlari va an’anaviy non mahsulotlari tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur festival hududning turizm salohiyatini oshirishda ham muhim o‘rin tutmoqda. “Boysun bahori” orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar Boysun vohasining boy madaniy merosi, an’anaviy turmush tarzi va noyob urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu esa hududga bo‘lgan qiziqishni oshirib, ichki va xalqaro turizm rivojiga xizmat qilmoqda.
“Boysun bahori” festivali bu yil ham nafaqat mahalliy, balki xorijlik mehmonlarni ham o‘ziga jalb qildi. Ular orasida Indoneziyadan tashrif buyurgan sayyohlar ham bor. Ular Boysunning betakror tabiati, samimiy odamlari va qadimiy an’analaridan olgan taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.







