Oxford Universiteti professorlari TDSHUda
2026-yilning 16-aprel kuni University of Oxford Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari fakulteti Eronshunoslik kafedrasi professorlari — Dr. Edmund Herzig, Dr. Farniyaz Zaker hamda Miss Ani Beyt-Movsess Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Eronshunoslik va afg‘onshunoslik oliy maktabiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar oliy maktab professor-o‘qituvchilari bilan uchrashib, har ikki universitetdagi oliy maktab va kafedralar tarixi, professor-o‘qituvchilar tarkibi, ta’lim yo‘nalishlari hamda o‘qitiladigan fanlar haqida o‘zaro ma’lumot almashdilar.
Uchrashuv davomida TDSHUda tashkil etilayotgan yozgi maktab, shuningdek, University of Oxford talabalari uchun TDSHU Eronshunoslik va afg‘onshunoslik oliy maktabida bir semestr davomida tahsil olish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, tashrif doirasida mehmonlar tomonidan “Oksfordda fors tili tadqiqotlari” mavzusida ilmiy ma’ruza tashkil etildi. Ilmiy ma’ruzada oliy maktab professor-o‘qituvchilari, magistrantlar va doktorantlar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.







