Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

«Rektor va yoshlar» uchrashuvi talabalar bilan muloqotning samarali usuli

05.11.2026, 16:42 Yangiliklar 87

2026-yil 5-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida «Xalqaro diplomatiya va yosh yetakchilar forumi kuni» mavzusiga bag‘ishlangan «Rektor va yoshlar» uchrashuvi tashkil etildi. Talabalarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan ushbu tadbir ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tdi.
Uchrashuvda universitet rektori, professor Saodat Nasirova, siyosiy fanlar doktori Sayfiddin Jo‘rayev , «Ibrat farzandlari» loyihasi xalqaro bo‘lim boshlig‘i, f.f.d. Mahfuza Ortiqova, hamda sohalar bo’yicha mas’ul prorektorlar, bo’lim boshliqlari ishtirok etishdi.

Rektor talaba-yoshlarga murojaatida «Yangi O’zbekiston yoshlari strategiyasi – 2030» dasturida belgilangan xalqaro yoshlar kongressi, “Yoshlik — hayotning baxtli va oltin davri” shiori asosida o’tkazilayotgan umummilliy yoshlar festivalida sharqshunos talabalarni eng oldingi o’rinlarda ham tashkilotchi, ham volontyor tarjimon, ham vatanimiz yoshlarning eng go‘zal fazilatlarini namoyish etadigan vakillari sifatida faol qatnashishga chaqirdi.

Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan va bugungi kunning eng dolzarb yo‘nalishlari hisoblangan quyidagi mavzularda ma’ruzachilarga savollar bilan murojaat qildilar:
– Xalqaro munosabatlar tarixi va zamonaviy geosiyosiy jarayonlar;
– Yoshlar yetakchiligi, yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirish va xalqaro arenalarda o‘rin topish;
– Xorijiy tillarni tizimli va mukammal o‘rganishning samarali usullari;
– Ta’lim jarayoni hamda kelgusi faoliyatda sun’iy intellekt (AI) texnologiyalaridan unumli foydalanish imkoniyatlari.
Universitet rahbariyati hamda soha mutaxassislari talabalarning barcha qiziqtirgan savollariga hayotiy va ilmiy tajribalardan kelib chiqqan holda batafsil, atroflicha javob berishdi. Shuningdek, yoshlarga kelajakda malakali kadr va yetuk diplomat bo‘lib yetishishlari uchun zarur tavsiyalar berildi.