Shaansi Pedagogika Unversiteti professor-o‘qituvchilari TDSHUda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida akademik hamkorlik hamda o‘zaro almashinuvni yanada mustahkamlash, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Xitoy tarixi va chegaraviy tadqiqotlarga oid dolzarb mavzularni birgalikda muhokama qilish maqsadida 2026-yil 19–22-aprel kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga Shaanxi Normal University delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Delegatsiya tarkibidan quyidagi professor-o‘qituvchilar o‘rin oldi:
* Guo Xianghong – Mintaqaviy tadqiqotlar instituti dekan o‘rinbosari;
* Kang Lina – Mintaqaviy tadqiqotlar instituti dotsenti;
* Chen Dongjie – Mintaqaviy tadqiqotlar instituti huzuridagi Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktor o‘rinbosari.
Tashrif doirasida universitetning Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasi kafedrasi mudiri Sh. Ikromov, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sh. Salimov hamda kafedraning xitoyshunos professor-o‘qituvchilari Q. Imomnazarova va M. Xubbalieva ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Uchrashuv davomida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi:
1. Markaziy Osiyo xalqlarining Xitoy bilan tarixiy aloqalarini o‘rganish;
2. Xitoy tarixiga oid o‘quv adabiyotlarini hamkorlikda yaratish hamda xitoy tilidagi manbalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish;
3. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishi sharoitida mintaqaviy bog‘liqlik va transport aloqalariga doir ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish.
Shuningdek, tashrif doirasida Guo Xianghong tomonidan ma’ruza tashkil etildi. Ma’ruza “Kitayskaya istoriya: mudrost garmonii i yedinstva i sivilizatsiya Shyolkovogo puti” mavzusida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ma’ruza 20-aprel kuni soat 14:30 da Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasi kafedrasida tashkil etildi. Unda kafedraning Xitoy tarixini o‘rganuvchi talabalari, magistrantlar, tadqiqotchilar hamda xitoyshunos professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.
Ma’ruza davomida Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlari tarixidagi o‘ziga xos o‘xshashliklar, o‘zaro aloqalar hamda tarixiy bog‘liqlik masalalariga oid qimmatli ilmiy ma’lumotlar taqdim etildi.