TDSHU dotsenti Xitoyda o’tkazilgan Uchinchi Jahon Sinologlar konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etdi
2026-yil 31-maydan 9-iyungacha Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xitoyshunoslik oliy maktabi dotsenti, falsafa doktori (PhD) Nazarova Sayyora Anvarovna Pekin, Dunxuan va Chansha shaharlarida bo‘lib o‘tgan Uchinchi Jahon Sinologlar konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etdi.

Uchinchi Jahon Sinologlar konferensiyasi dunyoning qariyb 30 mamlakatidan yetakchi sinologlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va ekspertlarni birlashtirib, jahon sinologiyasi, xalqaro xitoy tili ta’limi hamda sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan eng yirik xalqaro maydonlardan biriga aylandi.
Konferensiya dasturi Pekin, Dunxuan va Chansha shaharlarida tashkil etilgan ilmiy hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlarni qamrab oldi. Forum doirasida ishtirokchilar yalpi majlislar, tematik sho‘balar, akademik muhokamalar, ilmiy hamjamiyat va nashriyotlar vakillari bilan uchrashuvlar, shuningdek, sinologik tadqiqotlar sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarda qatnashdilar.



Konferensiya dasturida 2026-yil 31-may kuni Pekin til va madaniyat universitetida bo‘lib o‘tgan Pekin gumanitar forumi alohida o‘rin egalladi. Forum global sinologik diskursni shakllantirish va sivilizatsiyalararo o‘zaro anglashuv masalalariga bag‘ishlanib, taniqli sinologlar, universitetlar rahbarlari, ilmiy markazlar hamda xalqaro akademik tashkilotlar vakillarini birlashtirdi. Forum doirasida jahon sinologiyasining rivojlanishi, madaniy diplomatiya, sivilizatsiyalararo muloqot, xalqaro xitoy tili ta’limi va zamonaviy gumanitar tadqiqotlar masalalari muhokama qilindi.
Nazarova S.A. forumning “Raqamli integratsiya va global xitoy tili ta’limi” nomli 3-parallel sho‘basida rasmiy ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. Mazkur sho‘ba ishida Xitoy, Italiya, Armaniston, Kambodja, Laos, Shimoliy Makedoniya, Belarus va boshqa mamlakatlardan tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilar qatnashdilar. Muhokamalar davomida xalqaro xitoy tili ta’limining zamonaviy tendensiyalari, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, madaniyatlararo kommunikatsiya hamda globallashuv sharoitida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.



Sho‘ba yig‘ilishida Nazarova S.A. “Xitoy tilini kognitiv-diskursiv o‘qitish orqali talabalarning madaniyatlararo kommunikativ kompetensiyasini rivojlantirish” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada xitoy tilini o‘qitish jarayonida talabalarning madaniyatlararo kompetensiyasini shakllantirishga qaratilgan zamonaviy metodlar hamda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari taqdim etildi. Xususan, kognitiv-diskursiv yondashuvning xitoy tili ta’limidagi ahamiyati va uning xalqaro akademik hamda professional muhitda samarali faoliyat yurita oladigan mutaxassislarni tayyorlashdagi o‘rni yoritildi.
Konferensiya ishtirokchilari, shuningdek, Dunxuandagi Uchinchi Jahon Sinologlar konferensiyasining rasmiy ochilish marosimi arafasida Pekinda bo‘lib o‘tgan Jahon sinologiyasini rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishida ham qatnashdilar. Yig‘ilishda sinologlar o‘rtasidagi global hamkorlikning yangi modeli, xalqaro tadqiqotchilar tarmog‘ini shakllantirish, akademik hamkorlikni rivojlantirish va yosh mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, jahon sinologiyasini qo‘llab-quvvatlashning uchta asosiy mexanizmini ishga tushirish va turli mamlakatlardagi sinologik markazlar o‘rtasida kompleks hamkorlik tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
2026-yil 3-iyun kuni Dunxuan shahrida Uchinchi Jahon Sinologlar konferensiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda sinologiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilib, sivilizatsiyalararo muloqot va gumanitar hamkorlikning bugungi davrdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Shu kuni konferensiya ishtirokchilari xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan sinologlar vorkshopi va nashriyotlar sessiyasida ham qatnashdilar. Tadbir davomida ilmiy nashrlar, tarjima faoliyati, qo‘shma nashriyot loyihalarini yaratish hamda turli mamlakatlardagi tadqiqot markazlari va universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Sessiyada qariyb 70 nafar sinolog va 30 dan ortiq nashriyot hamda akademik muassasalar vakillari ishtirok etdilar.
Konferensiyaning muhim qismi Xitoyning tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy hamda ilmiy tadbirlardan iborat bo‘ldi. Dunxuanda ishtirokchilar Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq tarixiy-madaniy obyektlarni ziyorat qildilar hamda madaniy merosni asrash va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan muhokamalarda qatnashdilar.
Dasturining yakuniy bosqichi Xunan provinsiyasida tashkil etildi. Uning eng muhim tadbirlaridan biri ming yillik tarixga ega bo‘lgan Yuelu akademiyasiga tashrif bo‘ldi. Bu yerda madaniy meros, ta’lim an’analari va gumanitar fanlarning xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashdagi o‘rni masalalariga bag‘ishlangan xalqaro munozara o‘tkazildi. Muhokamalarda dunyoning qariyb 30 mamlakatidan kelgan sinologlar ishtirok etib, jahon sinologiyasining istiqbollari, sivilizatsiyalararo muloqot va xalqaro gumanitar hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Xunan provinsiyasidagi dastur doirasida ishtirokchilar Mao Szedun hayoti va faoliyati bilan bog‘liq tarixiy hamda memorial obyektlarni ham ziyorat qildilar. Delegatsiya Mao Szedun tahsil olgan va keyinchalik pedagog sifatida faoliyat yuritgan ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi. Shuningdek, uning yodgorlik majmualari, tug‘ilib o‘sgan Shaoshan qishlog‘i hamda memorial muzeyi bilan tanishdi. Mazkur tashriflar ishtirokchilarga zamonaviy Xitoy tarixi va Xunan provinsiyasining boy madaniy merosi haqida yanada chuqurroq tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
Uchinchi Jahon Sinologlar konferensiyasi faoliyati Xitoy ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Yalpi majlislar, ilmiy forumlar, xalqaro muhokamalar va madaniy tadbirlar haqidagi materiallar mamlakatning markaziy hamda hududiy OAVlarida muntazam e’lon qilindi. Xususan, xorijiy sinologlarning ishtiroki va ularning xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi hissasiga alohida e’tibor qaratildi.
Nazarova S.A.ning Uchinchi Jahon Sinologlar konferensiyasidagi ishtiroki Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xalqaro akademik aloqalarini mustahkamlash, xorijiy ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekiston sinologiya maktabining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qildi.