TDSHU va Londonning SOAS universiteti o‘rtasida muhim uchrashuv
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti vakillari hamda Londonning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — SOAS University of London hamkorlik bo‘yicha direktori Kanina Foss va global hamkorlik bo‘limi rahbari Nick Rowland bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytirish, uni tizimli va barqaror asosda rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
— Markaziy Osiyo tadqiqotlari bo‘yicha qo‘shma seminarlar
Tarix, antropologiya, diniy jarayonlar va zamonaviy ijtimoiy o‘zgarishlarga bag‘ishlangan ilmiy uchrashuvlar tashkil etish
— Migratsiya va diaspora tadqiqotlari
Qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borish, nufuzli jurnallarda maqolalar chop etish hamda xalqaro grantlarda ishtirok etish
— Doktorantlar uchun qo‘shma ilmiy rahbarlik
Yosh tadqiqotchilarni xalqaro ilmiy muhitga keng jalb etish
— Qisqa muddatli ilmiy stajirovkalar
SOAS olimlari uchun O‘zbekistonda tadqiqotlar olib borish, TDSHU vakillari uchun esa Londonda ilmiy faoliyat yuritish imkoniyatlarini yaratish
— Yozgi va qishki maktablar
Ilmiy tadqiqot metodologiyasi, akademik yozuv va ilmiy etika masalalariga bag‘ishlangan maxsus dasturlarni tashkil etish
— Qo‘shma ta’lim dasturlari (ikki diplom)
Bakalavriat va magistratura bosqichlarida yangi qo‘shma ta’lim yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish
— Ilmiy nashrlar
Maqolalar, darsliklar va monografiyalarni hamkorlikda tayyorlash va nashr etish
Mazkur uchrashuv ikki universitet o‘rtasida uzoq muddatli va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.


