TDSHUda hindshunoslik yo‘nalishida xalqaro ilmiy ma’ruza o‘tkazildi
2026-yil 23-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Janubiy Osiyo tillari va adabiyoti oliy maktabi tomonidan tashkil etilgan xalqaro akademik ma’ruza bo‘lib o‘tdi.
Unda Hindistonning Jamia Millia Islamia University huzuridagi G‘arbiy Osiyo tadqiqotlari markazi professori Dr. Anisur Rahman “Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy munosabatlarning o‘zgaruvchan yo‘nalishlari: diaspora muhim omil sifatida” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruza davomida Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar, zamonaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlari hamda diaspora vakillarining ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy, ilmiy va ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirishdagi o‘rni haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir professor-o‘qituvchilar, talabalar, magistrantlar va tadqiqotchilar uchun qiziqarli ilmiy muloqot maydoniga aylandi. Ishtirokchilar ma’ruza yakunida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda mavzu yuzasidan fikr almashdilar.

