Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda Islom san’ati va me’morchiligidagi transosiyo tarmoqlariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruza bo‘lib o‘tdi

04.09.2026, 12:49 Yangiliklar 50

2026-yil 4-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida London universiteti qoshidagi Courtauld san’at instituti professori Sussan Babaie ishtirokida “O‘rta asrlarning so‘nggi davrida Islom san’ati va me’morchiligidagi transosiyo tarmoqlari” mavzusida ilmiy ma’ruza bo‘lib o‘tdi.

Ilmiy uchrashuv Sharq xalqlarining tarixiy-madaniy aloqalari, Islom san’ati va me’morchiligining shakllanishi hamda turli hududlar o‘rtasidagi badiiy va madaniy almashinuv jarayonlarini chuqurroq anglashga qaratildi.

Ma’ruza davomida o‘rta asrlarning so‘nggi davrida Osiyo hududlarida mavjud bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarning san’at va me’morchilik rivojiga ta’siri xususida batafsil fikr yuritildi. Xususan, turli hududlardan me’morlar, hunarmandlar, rassomlar va boshqa ijodkorlarning harakati, badiiy g‘oya va texnologiyalarning bir hududdan boshqasiga tarqalishi hamda mahalliy an’analar bilan uyg‘unlashuvi masalalariga e’tibor qaratildi.

Professor Sussan Babaie — Islom san’ati va me’morchiligi, xususan, Safaviylar davri san’ati, urbanizm, imperiyalar tarixi va transmadaniy vizual jarayonlar bo‘yicha taniqli mutaxassis. Uning ilmiy faoliyatida Osiyo hududlarini bir-biridan ajratilgan madaniy makonlar sifatida emas, balki o‘zaro aloqador va doimiy madaniy almashinuv jarayonlarida bo‘lgan makon sifatida o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ma’ruzada “transosiyo” yondashuvining ilmiy ahamiyati ham alohida ta’kidlandi. Mazkur yondashuv orqali san’at va me’morchilik tarixini faqat muayyan davlat yoki hudud doirasida emas, balki G‘arbiy, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turgan keng tarixiy-madaniy tarmoqlar kontekstida o‘rganish imkoniyati yaratiladi. Courtauldda ham ushbu yondashuv savdo, bilim va ko‘nikmalar almashinuvi, xomashyo va texnologiyalar harakati hamda turli madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirlarni o‘rganish bilan bog‘liq holda rivojlantirilmoqda.

Tadbir davomida Buyuk Ipak yo‘llarining Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy almashinuvdagi o‘rni, san’at namunalarining hududlararo harakati, me’moriy uslublarning o‘zaro ta’siri va turli madaniy an’analarning uyg‘unlashuvi kabi masalalar ham muhokama qilindi.