TDSHUda Kasbga tayyorlash Yaponiya–O‘zbekiston xalqaro markazi tantanali ravishda ochildi
2026-yil 26-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Yamagata universiteti (Yaponiya) hamkorligida tashkil etilgan Kasbga tayyorlash Yaponiya–O‘zbekiston xalqaro markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasidagi Yaponiya elchixonasi vakillari, Yamagata universiteti delegatsiyasi, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimini Yaponshunoslik oliy maktabi boshlig‘i, dotsent Nadira Xalmurzayeva olib bordi. Tadbir davomida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva, O‘zbekistondagi Yaponiya elchixonasi vakili, Yamagata universiteti professori Tadashi Onodera hamda Yapon tili va kasbiy malaka test markazi direktori, Yamagata universiteti professori Dilafruz Ikramova ishtirok etdi.
Dastur doirasida yapon tili kurslari, KAIZEN va YORI-I biznes ta’limi dasturlari taqdim etildi hamda tadbirkorlik ta’limiga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, pilot kurslarga rasman start berildi.
Mazkur markazning tashkil etilishi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Yamagata universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, yoshlar va mutaxassislarni Yaponiya mehnat bozori talablariga mos tayyorlash, yapon tili ta’limini rivojlantirish, kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.















