Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ijodkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

24.09.2026, 17:01 Yangiliklar 84

Joriy yilning 24-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Anjuman dasturi ertalab soat 10:00 da “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida universitet hovlisida ko‘chat ekish marosimi bilan boshlandi. Shundan so‘ng qadrli mehmonlar universitet muzeyiga tashrif buyurib, ta’lim dargohining boy tarixi va sharqshunoslik maktabi an’analari bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbirning asosiy qismi universitetning Axborot-resurs markazida davom etdi. Unda universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva kirish so‘zi bilan ochib berib, bugungi kunda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, badiiy adabiyot va ma’rifatning inson kamolotidagi beqiyos o‘rni xususida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzo hamda “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nurilla Chorievlar so‘zga chiqib, yoshlarga o‘zlarining hayotiy va ijodiy tajribalari haqida so‘zlab berdilar. Uchrashuv samimiy muloqot va jonli savol-javoblarga boy bo‘lib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga ijodkorlardan batafsil javob oldilar.

Tadbirning badiiy qismida yoshlar va mehmonlar uchun haqiqiy san’at bayrami tashkil etildi:

  • Universitetning “Dutorchilar” ansambli tomonidan ijro etilgan milliy kuylar;
  • “Mangu bitik” to‘garagi a’zolarining yurakdan yangragan she’riy chiqishlari;
  • “Sanduvoch” ansambli tomonidan ijro etilgan milliy qo‘shiqlar barchaga o‘zgacha fayz va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Kunning ikkinchi yarmida tadbir o‘z mazmunini yanada kengaytirdi. Soat 14:00 dan boshlab mashhur ijodkorlar universitet mas’ullari hamrohligida poytaxtdagi maktablarga tashrif buyurib, u yerda ham daraxt ekish aksiyalari va ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazdilar. Shuningdek, yozuvchi va shoirlar o‘zlarining yangi asarlaridan parchalar o‘qib berdilar.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularda milliy o‘zlikni anglash va kitobga bo‘lgan muhabbatni yanada kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi.