TDSHUda tarixiy manbashunoslik va tarix tadqiqotlarining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
2026-yil 4-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Tarixiy manbashunoslik, tarixnavislik, tarix tadqiqotlari metodlari va metodologiyasining dolzarb masalalari” mavzusidagi Respublika XVIII ilmiy-amaliy an’anaviy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya tarix fanining dolzarb masalalarini muhokama qilish, tarixiy manbalarni o‘rganish, tarixshunoslikdagi zamonaviy yondashuvlar hamda ilmiy tadqiqotlar metodologiyasini takomillashtirishga bag‘ishlandi. Unda respublikaning yetakchi olimlari, akademiklari, professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida tarixiy manbalarni tadqiq etish, tarix fanining metodologik asoslari, Temuriylar davri tashqi siyosati, sug‘dcha yozuvli ayrim O‘rta Osiyo tangalarining yangi talqinlari, tarixiy-tizimli yondashuv va metodlar, jadidchilik harakati vakillari faoliyati, G‘arb tarixshunosligida Markaziy Osiyo masalalari hamda tasavvuf ta’limotining o‘rganilish tarixiga oid dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir yakunida ma’ruzalar yuzasidan savol-javoblar tashkil etilib, tarixiy manbashunoslik, tarixnavislik va tarix tadqiqotlari metodologiyasining bugungi holati hamda istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.


















