Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda xalqaro konferensiya: O‘zbekistonda Islom madaniy merosi va uning jahon ilm-fanida tutgan o‘rni

07.09.2026, 15:50 Yangiliklar 74

2026-yilning 7–9-sentyabr kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “O‘zbekistonda Islom madaniy merosi va uning jahon ilm-fanida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Qatar sivilizatsiyalar alyansi qo‘mitasi va Qatar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbir yurtimizning boy ilmiy-ma’rifiy merosini dunyoga keng targ‘ib etishni maqsad qilgan. Jahon ilm-fani poydevori va yangicha yondashuvlar

Asrlar davomida Samarqand, Buxoro, Termiz va Toshkent kabi qadimiy shaharlarimiz jahon tafakkuri rivojiga xizmat qilgan. Anjumaning ochilishida so‘zga chiqqan TDShU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Durbek Sayfullayev tarixiy merosni shunchaki e’tirof etish bilan kifoyalanmay, yangi manbalarni ilmiy muomalaga jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, Qatar Davlati Tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Ahmad bin Hasan Hammadiy IX–XV asrlarda Movarounnahrda yuz bergan ilmiy uyg‘onish davriga yuqori baho berdi:

“Al-Xorazmiy asos solgan algoritmni vaqt ham, makon ham o‘zgartira olmaydi, Ibn Sinoning tibbiyotdagi kashfiyotlari esa asrlar osha insoniyatga xizmat qilib kelmoqda”.

Uch kunlik anjumanda O‘zbekiston va Qatarning davlat arboblari, xalqaro ekspertlar va islomshunos olimlar qatnashmoqda. Sodiq Safoyev – Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori; Bahromjon A’loyev – Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari; Ibrohim Abdulla Al-Ansoriy – Qatar universiteti Shariat va islomshunoslik fakulteti dekani hamda professor-o’qitvuchlar ishtirok etmoqda.

Konferensiya davomida olimlar quyidagi muhim mavzularda ma’ruzalar tinglamoqda va fikr almashmoqda: Islom dinining Markaziy Osiyoda tarqalishi va Toshkent Mushafi tarixi; Hakim Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Imom Moturidiy, Ibn Sino va Beruniy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi; Buyuk Ipak yo‘li va sivilizatsiyalar muloqoti.