Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda Xitoyning Pekin Sinchjou ta’lim konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

01.08.2026, 19:32 Yangiliklar 64

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Pekin Sinchjou ta’lim konsalting kompaniyasi vakillari bilan xalqaro ta’lim hamkorligini rivojlantirish va Xitoydan TDSHUga talabalarni jalb etish istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Pekin Sinchjou ta’lim konsalting kompaniyasi – ta’lim va madaniy almashinuv, xalqaro hamkorlik, xorijiy talabalarni jalb etish va universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi.

Muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri Xitoydan TDSHUning bakalavriat ta’lim dasturlariga talabalarni jalb qilish masalasi bo‘ldi. Xorijiy tomon Xitoydagi abituriyentlar orasida TDSHUning ta’lim imkoniyatlarini targ‘ib qilish, universitetning Sharq mamlakatlari tillari, madaniyati, iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar bo‘yicha ta’lim dasturlariga qiziqish bildiruvchi talabalarni aniqlash hamda ularni TDSHUga yo‘naltirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.

Mazkur yo‘nalish TDSHUning xalqaro talabalar kontingentini kengaytirish bilan bir qatorda, universitetning Xitoy ta’lim makonidagi akademik nufuzini oshirish va yangi xalqaro ta’lim bozorlariga chiqish imkoniyatlarini ham kengaytirishi qayd etildi.

Uchrashuvda 4+0” formatidagi bakalavriat dasturlarini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur model doirasida talaba bakalavriatning to‘rt yillik ta’lim jarayonini hamkor universitetda to‘liq davom ettiradi, bunda ta’lim dasturi va akademik talablar ikki tomon kelishuvi asosida belgilanadi.

“4+0” dasturi bo‘yicha batafsil fikr almashilib, ushbu formatni Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yish, shuningdek universitetlarni tanlash, tegishli ta’lim yo‘nalishlarini aniqlash, akademik dasturlarni muvofiqlashtirish va talabalarni jalb etish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha keyingi muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi sifatida Xitoydan bir yillik magistratura dasturlariga talabalarni jalb qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Dastlab mazkur hamkorlikni TDSHUda hozirda mavjud bo‘lgan “Tashqi iqtisodiy faoliyat” magistratura yo‘nalishi doirasida boshlash taklif qilindi. Keyingi bosqichlarda esa hamkorlikni universitetning boshqa magistratura ta’lim yo‘nalishlariga ham kengaytirish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi.

Xorijiy tomon dastlabki bosqichda 100 nafarga yaqin xitoylik talabani TDSHUning tegishli ta’lim dasturlariga jalb etish imkoniyati mavjudligini bildirdi. Bu tashabbus universitetning xalqaro talabalar sonini oshirish, ta’lim eksporti salohiyatini kengaytirish va Xitoy bilan akademik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur tashabbuslarni joriy o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish muhimligini ta’kidladilar.

Xususan, tomonlar talabalarni jalb qilish, ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish, “4+0” dasturining akademik va tashkiliy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda magistratura dasturlariga qabul jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha muntazam muloqot va amaliy maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.