Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Hilola Yo‘ldoshevaning monografiyasi Misr Arab Respublikasining nufuzli nashriyotida chop etildi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Arabshunoslik oliy maktabi professori, sharqshunos-arabshunos olim Yuldasheva Hilola Abdulxayevnaning ko‘p yillik ilmiy tadqiqot samarasi bo‘lgan “Zamonaviy arab adabiyotida milliy identiklik muammosi” mavzusidagi monografiyasi Misr Arab Respublikasigi nufuzli “Maktaba Al-Adab” Nashriyot uyi tomonidan Qohira shahrida chop etildi.
Monografiya zamonaviy arab adabiyotida milliy identiklik, madaniy kodlar va an’analar, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarning badiiy ifodasi va talqiniga bag‘ishlangan bo‘lib, unda hozirgi kuning eng dolzarb arab o‘zligini asrash masalalari batafsil tadqiq etilgan. Shu bilan birga, kitobda globallashuv sharoitida arab milliy o‘zligini saqlash va kelgusi avlodga yetkazishga oid ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlarning badiiy adabiyotdagi o‘rni ilmiy ochib berilgan.
Ushbu monografiya Misrning “Ayn Shams” universiteti professori, taniqli adabiyotshunos olim Muhammad Al-Jibali ilmiy tahriri ostida nashrga tayyorlangan. Shuningdek, kitobga “Al-Azhar” universiteti professori Ali Najjar tomonidan salmoqli so‘z boshi yozilgan.
E’tiborga loyiq tomoni shundaki, arab adabiyotida milliy identiklik masalasi nafaqat O‘zbekistonda, balki birinchi marta arab davlatlarida ilmiy muammo sifatida batafsil tadqiq etilib, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining professori Hilola Yuldasheva tomonidan arab jamoatchiligiga taqdim etildi. Mazkur monografiya orqali professor Hilola Yuldasheva birinchilar qatorida O‘zbekiston va arab davlatlari adabiyotshunoslik sohasiga milliy identiklik masalasi olib chiqqan olimlardan bo‘ldi.