Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor S. Nasirovaning murojaati

08.10.2026, 13:19 E'lonlar 164

Hurmatli talabalar, magistrantlar, doktorantlar, professor-o‘qituvchilar va TDSHU jamoasi a’zolari!

Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyev tomonidan ta’lim va ilm-fan sohasini yangi bosqichga olib chiqish, uning barcha bo‘g‘inlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlash va yagona tizimni shakllantirishga qaratilgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Bugun universitetimiz jamoasi oldida ulkan va mas’uliyatli vazifalar turibdi. Bizning vazifamiz nafaqat akademik bilim berish, balki jamiyat hayotida faol ishtirok etishga tayyor, har tomonlama yetuk mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Universitetimiz bitiruvchilari diplomatiya, xalqaro munosabatlar, tarjimashunoslik, tarix, pedagogika, etnologiya, iqtisodiyot, siyosat, turizm va boshqa muhim sohalarda o‘z salohiyatlarini muvaffaqiyatli namoyon etmoqdalar.

Zamon talablari va davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan strategik vazifalarga moslashish maqsadida TDSHU transformatsiyasining quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishimiz zarur:

  1. Uzliksiz ta’lim va yagona tizim. Universitet ixtisoslashtirilgan maktablar va akademik litseylar bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, yoshlarni erta kasbiy yo‘naltirish, sharq tillarini chuqur o‘rganish uchun qo‘shimcha ta’lim imkoniyatlarini kengaytiradi. Iqtidorli yoshlarni maktabdan boshlab universitet ta’limi va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga bosqichma-bosqich jalb etish maqsadida «yashil koridor» tizimi joriy etiladi.
  2. Akademik avtonomiya va zamonaviy boshqaruv. TDSHU akademik mustaqilligini kengaytirish doirasida kafedralar va professor-o‘qituvchilar faoliyati uchun KPI tizimi hamda rag‘batlantirish mexanizmlarini ilmiy va pedagogik faoliyat natijalari bilan bog‘laydi. Universitetni rivojlantirishning moslashuvchan «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi, ma’muriy jarayonlar maqbullashtiriladi va ta’lim dasturlarini boshqarishda loyiha menejmentiga o‘tiladi.
  3. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt. Sharq tillarini jadal o‘zlashtirishga ko‘maklashuvchi, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan interaktiv platformalar yaratiladi. Shuningdek, matnlarni avtomatik tahlil qilish, korpus ma’lumotlarini qayta ishlash va media makonni intellektual tahlil qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.
  4. Ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasi. Universitet fanlararo va xalqaro ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishni davom ettiradi. TOP-1000 talikka kirish maqsadi yo‘lida Scopus va Web of Science bazalarida indekslanadigan jurnallardagi ilmiy publikatsiyalar sonini oshirish, shuningdek, sharqshunos olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish zarur.
  5. Xalqaro hamkorlik va mehnat bozoriga yo‘naltirilganlik. TDSHU Osiyo va Yevropaning yetakchi hamkor universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va akademik mobillik imkoniyatlarini kengaytiradi. O‘quv rejalari Tashqi ishlar vazirligi, tahliliy markazlar, turizm kompaniyalari va yirik biznes kabi asosiy ish beruvchilar bilan hamkorlikda zamonaviy talablar asosida yangilanadi. Bu bitiruvchilarimizning mehnat bozorida yuqori raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ushbu keng ko‘lamli vazifalarni hal etish TDSHUning har bir a’zosi — universitetimizning sha’ni, nufuzi va kelajagini qadrlaydigan barcha insonlarning hamjihat, samimiy va jipslashgan mehnatini talab etadi.

Universitet rahbariyati ishonadi-ki, tajribamiz, kuch-g‘ayratimiz va ilmiy-pedagogik salohiyatimizni birlashtirgan holda, oldimizga qo‘yilgan barcha vazifalarni munosib uddalaymiz va O‘zbekiston sharqshunoslik ilmining jahon maydonida munosib e’tirof etilishini ta’minlaymiz!