Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektorining talaba qizlar bilan samimiy muloqoti o‘tkazildi

16.09.2026, 13:05 Yangiliklar 107

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchexra Rixsiyeva universitetimizning talaba qizlari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida Gulchexra Rixsiyeva mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, yaratib berilayotgan keng sharoit va imtiyozlarga alohida to‘xtaldi. Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining qariyb 49,6 foizini ayollar tashkil etishini e’tiborga olsak, yurtimizda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani har birimizdan shukronalik va yana-da mas’uliyat bilan o‘qishni talab etilishi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

So‘zida davom etar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish borasida bildirilgan quyidagi fikrlarini talaba qizlarga alohida ta’kidladi:
“Ayol borki, hayot go‘zal, oila farovon. Oilani, jamiyatni muvozanatda saqlab turadigan ustunlarning eng muhimi — ayollardir. Zero, ayolga e’tibor — bu kelajakka, millat kelajagiga berilgan e’tibordir”.
Rektor o‘z so‘zida bugun auditoriyalarda o‘tirgan talaba qizlarimiz — ertangi kun millat tarbiyachilari, O‘zbekistonni jahonga tanitadigan mahoratli diplomatlar, fidoyi olimalar va ma’naviyat peshqadamlari ekanini ta’kidladi. Universitetda qizlarning sharqona odob bilan birga puxta ilm egallashlari uchun barcha zarur sharoitlar muhayyo qilingani qayd etildi.

Uchrashuv davomida talaba qizlarning ta’lim jarayoni, ilmiy-tadqiqot ishlaridagi ishtiroki, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasbiy va shaxsiy rivojlanish borasidagi fikr-mulohazalari tinglandi. Shuningdek, ularni qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslar muhokama qilinib, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan tegishli fikrlar bildirildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Sharqshunoslik universitetining taniqli bitiruvchilari va yuksak davlat e’tirofiga sazovor bo‘lgan olima ayollarning hayot yo‘li misol qilib keltirildi. Talaba qizlarga ana shunday ziyoli ayollarga havas qilib ilm olish, sharqona odob va milliy qadriyatlarni ulug‘lash, kelajakda baxtli oila bekasi hamda yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishish bo‘yicha o‘z tavsiya va tilaklarini bildirdi.
Tadbir so‘ngida rektor Gulchexra Rixsiyeva talaba qizlar bilan birgalikda universitet bog‘ida ramziy ma’nodagi “Mening birinchi ko‘chatim” nomli nihollarni ekdilar. Bu go‘zal tashabbus qizlarimiz xuddi shu nihollar kabi universitet dargohida yashnab, unib-o‘sib, kelgusida yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk kadrlar bo‘lib yetishishlariga umid ramzi bo‘ldi.