Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi Konfutsiy insituti direktori, professor Saodat Nasirova Xitoyda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro forumda ishtirok etdi

21.09.2026, 09:36 Yangiliklar 106

2026-yilning 17–19-sentyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Ichki Mo‘g‘uliston muxtor rayoni Xuxxoto shahrida “Mamlakatning shimolga ochilishidagi muhim platsdarm” aql markazi (analitik markaz) forumi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 18-sentyabr kuni Xuxxoto shahrida Ichki Mo‘g‘uliston Muxtor Rayoni Xalq Hukumati homiyligida hamda Ichki Mo‘g‘uliston Muxtor Rayoni Tashqi ishlar boshqarmasi va Ichki Mo‘g‘uliston Ijtimoiy fanlar akademiyasi tashkilotchiligida yuqori saviyadagi xalqaro forum tashkil etildi.


Anjuman davomida Xitoy (Ichki Mo‘g‘uliston) erkin savdo sinov zonasini barpo etish, institutsional ochiqlik va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash kabi muhim mavzular har tomonlama muhokama qilindi.

Nufuzli xalqaro tadbirda Rossiya, Mo‘g‘uliston, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston va boshqa qator davlatlardan, shuningdek, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi, yetakchi oliy o‘quv yurtlari hamda tahlil markazlaridan 100 dan ortiq rahbarlar, faxriy mehmonlar va ekspert-olimlar ishtirok etishdi.

Quvonarli jihati, mazkur xalqaro forumda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi Konfutsiy instituti direktori, professor S.A.Nasirova ham faol ishtirok etib, universitet nomidan o‘z taqdimot va takliflari bilan qatnashdi.

Bu kabi xalqaro maydonlardagi ishtirok universitetning ilmiy-akademik aloqalarini kengaytirish, xorijiy tahlil markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro tajriba almashishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.