Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Mustaqillik to‘yi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik to‘yi” nomli katta ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada o‘tkazildi.
Tadbirni universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva kirish so‘zi bilan ochib berdi. Rektor o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mustaqilligimiz 35-yilligida so‘zlagan nutqlarining mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, bugungi kunda bo‘lg‘usi sharqshunoslar oldida turgan ulkan maqsadlar, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi va fidoiylik har bir talabaning bosh shiori bo‘lishi zarurligi alohida uqtirildi.
Mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek:
“Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli boʻlamiz. Oʻttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yoʻlimiz bizga bir haqiqatni oʻrgatdi: xalq va davrat yagona maqsad yoʻlida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib boʻlmaydigan marraning oʻzi yoʻq. Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning oʻzi yoʻq!”
Shundan so‘ng, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov talabalarga “Mustaqillik fenomeni” tushunchasining mazmun-mohiyatini ilmiy-nazariy jihatdan tushuntirib berdi. Mustaqillik xalqimizga baxsh etgan ulkan erkinlik, milliy qadriyatlar va o‘zlikni anglash tuyg‘usi haqida atroflicha to‘xtaldi.
Tadbir davomida universitetning birinchi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Qudratulla Omonovning “Erkin tafakkur va sharqona tarbiya maskani” nomli kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur kitob yoshlarni sharqona ruhda tarbiyalash, ularda mustaqil va erkin tafakkurni shakllantirishda muhim manba ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda universitet qoshida tshkil etilgan “Sharq yulduzi” teatr-studiyasisining badiiy rahbari, O‘zbek milliy akademik teatri aktyori Farrux Botirov ijrosidagi “Jaloliddin Manguberdi” monologi hamda “Mendirman o‘shal” qo‘shig‘i yig‘ilganlarda o‘zgacha shukuh uyg‘otdi.
TDSHU qoshidagi to‘garak ishtirokchilari O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davronning “Jonim ichra jonimdirsan, O‘zbekiston!” nomli she’rini yuksak mahorat bilan o‘qib berishdi.
TDSHU qoshidagi “Sanduvoch” ansambli badiiy rahbari Bekmurod Davronov tomonidan ijro etilgan “O‘zbekiston Vatanim manim” qo‘shig‘i tadbirkorlik va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Mazkur tadbir talaba-yoshlar qalbida vatanparvarlik, milliy g‘urur va shukronalik tuyg‘ularini yanada kuchaytirib, ularga kelgusi o‘qish va ilmiy izlanishlarida ulkan kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.



















