Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TSUOS ESP HUB markazida “Material Development in ESP” mavzusida workshop tashkil etildi

05.09.2026, 10:56 Yangiliklar 52

2026-yil 4-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining ESP HUB markazida University of Warwick assistent professori va TSUOS professori Kamila Tangirova ishtirokida “Material Development in ESP” mavzusida ilmiy-amaliy workshop bo‘lib o‘tdi.
Mazkur workshop universitet professor-o‘qituvchilarining English for Specific Purposes — ESP yo‘nalishidagi metodik va ilmiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ESP uchun zamonaviy o‘quv materiallarini yaratish hamda xalqaro tajribalarni o‘rganishga qaratildi.


Workshopning dastlabki qismida ESP va General English o‘rtasidagi konseptual hamda metodik farqlar atroflicha yoritildi. Kamila Tangirova ESP ta’limida umumiy til ko‘nikmalaridan tashqari, ta’lim oluvchilarning kasbiy, akademik va sohaga oid ehtiyojlarini aniqlash muhim ekanligini ta’kidladi. Shu jihatdan ESP kurslarining mazmuni, metodikasi va o‘quv materiallari maqsadli auditoriyaning ehtiyojlariga muvofiq ishlab chiqilishi lozimligi qayd etildi.
Workshop davomida ESP uchun material tanlash va yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Professor-o‘qituvchilarga mavjud materiallarni tayyor holatda qo‘llash bilan cheklanib qolmasdan, ularni talabalar ehtiyojlari, til darajasi, mutaxassisligi va darsning aniq maqsadidan kelib chiqib adaptatsiya qilish zarurligi tushuntirildi.
Shuningdek, autentik materiallardan foydalanish masalasi muhokama qilindi. Real hayot va professional muhitda qo‘llaniladigan matnlar, turli sohalarga oid materiallar va boshqa autentik resurslar ESP darslarini hayotiy va amaliy mazmun bilan boyitishi ta’kidlandi.


Kamila Tangirova ESP yo‘nalishida amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlar va loyihalar, ularni dars jarayoni bilan integratsiya qilish hamda tadqiqot natijalaridan yangi o‘quv materiallarini ishlab chiqishda foydalanish bo‘yicha ham o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Sketch Engine — dars va ilmiy tadqiqot uchun zamonaviy vosita
Workshopning eng muhim amaliy qismlaridan biri Sketch Engine platformasi imkoniyatlari bilan tanishtirishga bag‘ishlandi.
Kamila Tangirova Sketch Engine platformasining interfeysini bosqichma-bosqich tushuntirib, undagi korpuslar bilan ishlash mexanizmlarini namoyish etdi.
Mazkur platformadan foydalanish orqali professor-o‘qituvchilar:
so‘z va iboralarning real matnlardagi qo‘llanish holatlarini o‘rganish;
autentik kontekstlarni topish;
so‘zlarning qo‘llanish chastotasini kuzatish;
so‘z birikmalari va kollokatsiyalarni tahlil qilish;
ma’lum bir kasbiy yoki akademik sohaga xos til birliklarini aniqlash;
korpus ma’lumotlari asosida ESP uchun yangi mashqlar va o‘quv materiallari yaratish;
ilmiy tadqiqotlar uchun empirik til materiallarini shakllantirish
kabi imkoniyatlarga ega ekanligi amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.
Ayniqsa, Sketch Engine’dan nafaqat ilmiy tadqiqotlarda, balki bevosita auditoriya mashg‘ulotlarida ham foydalanish mumkinligi professor-o‘qituvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Korpus materiallari asosida talabalar uchun zamonaviy, autentik va sohaga mos topshiriqlar yaratish imkoniyatlari workshop ishtirokchilari tomonidan alohida e’tirof etildi.