Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

USTOZGA EHTIROM — ILMGA, KELAJAKKA EHTIROM

30.09.2026, 16:59 Yangiliklar 71

2026-yil 30-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Sharqshunos ustozimga ehtirom!” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tantanali tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, xodimlar, mehnat faxriylari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” universitetiga tashrifi doirasida bugun o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’lim sohasidagi ustuvor vazifalar, jumladan, sifatli ta’lim va malakali kadrlar tayyorlash, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari yuzasidan bildirgan fikrlari hamda berilgan topshiriqlari bo’yicha alohida to‘xtalib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ustozning jamiyatdagi o‘rni va mehnatini munosib qadrlash, ta’lim sifatini oshirish hamda pedagoglar uchun zarur sharoitlarni yaratish mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biridir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ustozni e’zozlash — bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlashdir” degan fikrlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘tkazilgan bugungi bayram tadbirining mazmun-mohiyati bilan hamohang bo‘ldi.

Tadbir doirasida ilmiy daraja va unvonlarga erishgan professor-o‘qituvchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazilib, ularning ilm-fan va ta’lim sohasidagi samarali mehnati e’tirof etildi.
Bayram dasturidan ustozlarga bag‘ishlangan she’riy va musiqiy chiqishlar, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida “Bilimlar bellashuvi”, san’atkorlar ishtirokidagi ijodiy dasturlar ham o‘rin oldi.
Jumladan, universitet talabasi Muslima Jo‘rayeva tomonidan “Ustozdir u” qo‘shig‘i ijro etildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Farog‘at Xuqoyqulova ustozlarga bag‘ishlangan she’riy tabrik bilan ishtirok etdi.

Universitet professori, tarix fanlari doktori Alisher Doniyorov, xonanda Imron, “Nihol” mukofoti sovrindori Dilmurod Otajonov hamda universitetning “Sanduvoch” ansambli o‘z chiqishlari bilan tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.

Bugungi kunda pedagoglarning mehnatiga berilayotgan e’tibor va ularni rag‘batlantirish mexanizmlari ham izchil kengayib bormoqda. Xususan, xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar soni so‘nggi besh yilda 29 ming nafardan 143 ming nafarga yetgani qayd etildi.

Shu ma’noda, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetidagi bugungi tadbir ustoz shaxsiga, uning sharafli va mas’uliyatli mehnatiga, ilm-fan va ta’limning yosh avlod kamoloti hamda jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rniga yuksak ehtirom ifodasi bo‘ldi.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ta’kidlaganidek:
“Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.”

Barcha ustoz va murabbiylarni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etamiz!