Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Uzbekistan Summer School – 2026 ishtirokchilari Toshkentning tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar

05.08.2026, 14:34 Yangiliklar 78

Uzbekistan Summer School – 2026 dasturi doirasida xorijiy ishtirokchilar uchun Toshkent shahrining tarixiy, madaniy va meʼmoriy merosini yaqindan o‘rganishga qaratilgan navbatdagi madaniy-ekskursiya tashkil etildi.

Dastlab ishtirokchilar Oʻzbekiston Amaliy sanʼat muzeyiga tashrif buyurib, o‘zbek xalqining ko‘p asrlik hunarmandchilik anʼanalari, milliy amaliy bezak sanʼati va noyob madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar. Muzey ekspozitsiyasida XIX asrdan bugungi kungacha yaratilgan minglab noyob eksponatlar, jumladan, milliy kashtachilik namunalari, do‘ppilar, zargarlik buyumlari, gilamlar, yog‘och va kulolchilik sanʼati asarlari namoyish etildi. Ekskursiya davomida mehmonlarga ushbu sanʼat namunalari, ularning yaratilish tarixi va o‘zbek xalqining boy madaniy qadriyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar Toshkentning qadimiy qismi – Hazrati Imom (Hast-Imam) majmuasiga tashrif buyurdilar. Mazkur majmua mamlakatimizning muhim diniy-maʼrifiy markazlaridan biri bo‘lib, unda dunyodagi eng qadimiy qo‘lyozmalardan biri sanaluvchi muqaddas Usmon Mushafi (Qurʼoni Karim) hamda Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ga tegishli deb eʼtirof etiladigan muborak soch tolasi saqlanadi. Shuningdek, mehmonlar Baroqxon madrasasi, Kaffol ash-Shoshiy maqbarasi va Jomeʼ masjidi bilan tanishib, ularning tarixiy va meʼmoriy ahamiyati haqida batafsil maʼlumot oldilar.

Ekskursiya davomida ishtirokchilar zamonaviy Toshkentning diqqatga sazovor maskanlarini ham tomosha qildilar. Jumladan, Mustaqillik maydoni, Amir Temur maydoni, poytaxtning sayilgohlaridan biri bo‘lgan Broadway, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta opera va balet teatri, shuningdek, 1966-yilgi Toshkent zilzilasiga bag‘ishlangan “Jasorat” monumenti bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur obidalar va maydonlar orqali ularga Toshkentning bugungi qiyofasi, shaharsozlik taraqqiyoti hamda Oʻzbekistonning zamonaviy rivojlanish jarayonlari haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Kun yakunida xorijiy mehmonlar dunyodagi eng chiroyli va o‘ziga xos yerosti transport tizimlaridan biri sifatida eʼtirof etiladigan Toshkent metropolitenida sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Har bir bekatning betakror meʼmoriy yechimi, milliy bezak elementlari va sanʼat namunalarini o‘zida mujassam etgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Madaniy-ekskursiya davomida ishtirokchilar, shuningdek, o‘zbek milliy taomlaridan tatib ko‘rib, mamlakatimizning boy pazandachilik anʼanalari va mehmondo‘stlik madaniyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Bunday madaniy-maʼrifiy tadbirlar Uzbekistan Summer School – 2026 dasturining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, xorijiy ishtirokchilarning Oʻzbekistonning boy tarixiy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyoti haqidagi bilimlarini yanada boyitish, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro anglashuv va madaniy almashinuvni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.