Xalq diplomatiyasi va yoshlar
«Xalqaro munosabatlar» kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar doktori Suhrob Bo’ronov boshchiligidagi «Yosh sharqshunos diplomatlar» klubi a’zolari ShHT Xalq diplomatiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Joriy yilning 30 aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Yosh sharqshunos diplomatlar” klubi a’zolari ShHT Xalq diplomatiyasi markaziga tashrif buyurdi.


Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarning xalqaro munosabatlar, diplomatiya va xalq diplomatiyasi sohalaridagi bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitish, shuningdek, SHHT doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Unda Markaz direktori Q.Sobirov yoshlarga xalq diplomatiyasi, Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan loyihalar va xalqaro hamkorlik doirasidagi tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, u yoshlarning xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish muhimligini alohida ta’kidladi. «Xalqaro munosabatlar» kafedrasi mudiri S.Bo’ronov “Yosh sharqshunos diplomatlar” klubi va ShHT Xalq diplomatiyasi huzuridagi «Xalq diplomatlari» klubi bilan faol hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy tadqiqot va amaliyot bo’yicha istiqboldagi rejalarni ishlab chiqish va ShHT faoliyatiga doir turkum tadbirlar tashkil etish masalalariga alohida e’tiborini qaratdi.


Shu bilan birga, “Yosh sharqshunos diplomatlar” klubi a’zolari tomonidan klub faoliyati, uning asosiy maqsad va vazifalari, amalga oshirilayotgan loyihalar va ularda talabalarning ishtirokiga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida bunday uchrashuvlar yoshlarning xalqaro maydonda faol ishtirokini ta’minlash, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda xalq diplomatiyasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

