Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

XXRning Lyaonin pedagogika universitetining Gumanitar fanlar institutida “O‘zbekistonda xitoy adabiyotini o‘rganish va rivojlantirish” mavzusida ilmiy ma’ruza tashkil etildi

20.10.2026, 11:49 Yangiliklar 37

Lyaonin pedagogika universitetining Gumanitar fanlar institutida xitoyshunoslik bo‘yicha faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar va tahsil olayotgan aspirant,  magistrant va talabalarning bilim doirasini kengaytirish, shuningdek, xorijda xitoy adabiyotini o‘rganishning hozirgi holati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Lyaonin pedagogika universiteti Gumanitar fanlar institutining ikkinchi o‘quv binosining majlislar zalida “O‘zbekistonda xitoy adabiyotini o‘rganish va rivojlantirish” mavzusida ilmiy ma’ruza tashkil etildi.

Ma’ruzaga Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining  “Xitoyshunoslik oliy maktabi” professori Jasur Ziyamuxamedov maxsus taklif etilgan ma’ruzachi professor sifatida qatnashdi. Tadbirni Adabiyot fakulteti dekanining o‘rinbosari Cui Yan olib bordi. Ma’ruzada Xalqaro ta’lim fakulteti dekanining o‘rinbosari Vey Yuhong, Adabiyot fakultetining Qadimgi adabiyot kafedrasi professori Cao Lifang, doktor Van Jiangpeng, Tarix fakulteti tadqiqotchisi Li Yuan hamda Adabiyot fakultetining tegishli yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdilar.

Ma’ruza boshida Jasur Ziyamuxamedov Xitoy va O‘zbekiston qadim zamonlardan buyon yaxshi munosabatlarga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda adabiyotshunoslik sohasida Xitoy adabiyotini o‘rganish muhim o‘rin tutishini qayd etib, Xitoy adabiyotining Sharq adabiyotiga ko‘rsatgan katta ta’sirini alohida ta’kidladi. Bundan tashqari, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xitoyshunoslik oliy maktabi bakalavr ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi talabalari va magistrlarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari haqida ma’lumot berdi.

Keyingi qismda professor Jasur Ziyamuxamedov O‘zbekistonda Xitoy adabiyotini o‘rganish va uning rivojlanish jarayonini to‘rtta asosiy yo‘nalish bo‘yicha yoritib berdi:

  • Xitoy adabiyotini o‘rganish bilan bog‘liq ilmiy-tadqiqot faoliyatining holati;
  • O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida xitoy adabiyotining o‘qitilishi;
  • Xitoy tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan kitoblar;
  • Xitoy kitobxonlari uchun tarjima qilingan o‘zbek adabiyoti asarlari.

U xitoyshunoslik sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan bir qator o‘zbekistonlik olimlar va ularning ilmiy ishlari haqida so‘z yuritib, O‘zbekistonda xitoy adabiyotini o‘rganish sohasining rivojlanish holatini tanishtirdi.

Ma’ruzaning yakuniy qismida Jasur Ziyamuxamedov ishtirokchilarni O‘zbekistonga tashrif buyurishga samimiy taklif etdi hamda O‘zbekistonning go‘zal tabiati va mashhur diqqatga sazovor joylari haqida ma’lumot berdi.

Vey Yuhong esa Liaoning pedagogika universiteti bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy natijalari hamda Liaoning pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filialining istiqbollari haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u yosh talabalarni xalqaro madaniy almashinuv jarayonlariga ko‘proq e’tibor qaratishga undadi.

Mazkur ma’ruza mazmunan boy va keng qamrovli bo‘lib, O‘zbekistonda xitoy adabiyotini o‘rganishning hozirgi holatini tizimli ravishda yoritdi. Shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq tarixga ega adabiy aloqalarni namoyon etib, fakultet professor-o‘qituvchilari va talabalarining xalqaro xitoyshunoslik bo‘yicha ilmiy qarashlarini kengaytirdi, Professor Jasur Ziyamuxamedov talabalarga turli mamlakatlar adabiyotlarini qiyosiy o‘rganish hamda xalqaro xitoyshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun foydali tajriba ekanini ta’kidlab, ularga bu borada turli tavsiyalar berdi. Kelgusida Gumanitar fanlar instituti xalqaro ilmiy muloqot uchun yangi platformalar yaratish, xalqaro akademik almashinuv kanallarini faol kengaytirish, xorijdagi xitoyshunoslik tadqiqotlari yutuqlarini o‘rganish hamda Xitoy va boshqa mamlakatlar adabiyotlarini tadqiq etish yo‘nalishidagi ilmiy salohiyat va ta’lim sifatini yanada yuksaltirishni davom ettiradi.