TDSHUda II XALQARO TURKSHUNOSLAR FORUMI DOIRASIDA XALQARO ILMIY-AMALIY ANJUMAN BO‘LIB O‘TDI
2026-yil 16-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Turkiyaning Recep Tayyip Erdoğan universiteti hamkorligida “Turkiy dunyo: ilmiy tadqiqotlarning yangi ufqlari va istiqbollari” mavzusida II Xalqaro turkshunoslar forumi doirasida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro anjuman turkiy xalqlarning boy ilmiy va madaniy merosini chuqur o‘rganish, turkshunoslik sohasidagi zamonaviy ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratildi.
Anjuman davomida turkiy dunyoning tarixiy, ma’naviy va madaniy merosi, turkiy xalqlar tillari va adabiyotini o‘rganishning dolzarb masalalari, turkshunoslik sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar, yangi ilmiy yo‘nalishlar hamda istiqboldagi hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalari, mavjud muammolar va ularning yechimlari, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, qardosh mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, kelgusi yilda mazkur xalqaro anjumanni Turkiy dunyo universitetlari bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ham tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.
Forum doirasidagi ilmiy muloqotlar turkiy xalqlarning umumiy tarixiy va madaniy ildizlarini yanada chuqurroq anglash, turkshunoslik sohasidagi ilmiy tajriba almashinuvini kengaytirish hamda O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Mazkur anjuman xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, yosh tadqiqotchilarni turkshunoslik yo‘nalishidagi izlanishlarga keng jalb etish va turkiy dunyo bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarning yangi istiqbollarini belgilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
















