Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy seminar o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi

04.08.2026, 15:18 Yangiliklar 78

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2026-yilning 3-avgust kuni boshlangan «Muqaddas xondan so‘fiy sultongacha: Mo‘g‘ullardan keyingi Markaziy Osiyoda suverenitet» (From the Sacred Khan to Sufi Sultan: Sovereignty in Post-Mongol Central Asia) mavzusidagi ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy seminar (workshop) o‘z nihoyasiga yetdi.

AQShning Prinston va Texas (Ostin) universitetlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu nufuzli anjumanda dunyoning yetakchi oliygohlari va ilmiy markazlaridan kelgan olimlar, jumladan, tarixchilar, sharqshunoslar, qo‘lyozmashunoslar va dinshunoslar ishtirok etishdi. Ikki kun davomida yalpi va sho‘ba majlislari doirasida Markaziy Osiyo va keng Yevrosiyo hududida siyosiy tafakkurning evolyutsiyasi, islom siyosiy ilohiyoti, Chingiziylar davlatchilik konsepsiyasi hamda yozma manbalar asosida davlat boshqaruvi tarixini qayta talqin qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan ma’ruzalar va ilmiy xulosalar sarhisob qilindi. Mazkur xalqaro muloqot turli akademik maktablar va zamonaviy fanlararo metodologik yondashuvlarni bir maydonda jamlagani bilan yuqori baholandi. Anjuman yakunlari mintaqa tarixini yangicha konseptual qarashlar asosida tadqiq etishga hamda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahon ilmiy muomalasiga faolroq integratsiya qilishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Tadbirning tantanali yopilish marosimida xalqaro ilmiy seminar ishida faol ishtirok etgan barcha mahalliy va xorijiy olimlarga xalqaro darajadagi maxsus sertifikatlar hamda universitet ma’muriyatining esdalik sovg‘alari topshirildi. Chet ellik mehmonlar va hamkor universitetlar vakillari yuksak darajadagi tashkilotchilik hamda ilmiy muloqot uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.