Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Turizmda sun’iy intellekt va robotlashtirish: TDSHUda turkiyalik olimlar ishtirokida xalqaro ilmiy vebinar o‘tkazildi

08.10.2026, 17:36 Yangiliklar 58

2026-yil 8-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm kafedrasi mudiri Ch.Xusanov va stajor – o‘qituvchi M.Amonovalar tashabbusi bilan kafedra a’zolari ishtirokida Turkiyaning Kocaeli universiteti Turizm fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda “Turizm industriyasida raqamli transformatsiya: robotlashtirish, sun’iy intellekt va innovatsion marketing strategiyalari” yo‘nalishida xalqaro ilmiy onlayn vebinar tashkil etildi.

Mazkur vebinar turizm va mehmondo‘stlik sohasida yuz berayotgan zamonaviy texnologik o‘zgarishlarni o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish, talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda ikki universitet o‘rtasidagi xalqaro ilmiy-akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.

Xalqaro vebinarda Kocaeli universiteti professori prof. Dr. Bilsen Bilgili tomonidan “Turizm va mehmondo‘stlik industriyasida mehnat resurslarining transformatsiyasi: inson mehnatidan robotlashtirilgan xizmat ko‘rsatish tizimlariga o‘tish” mavzusida ilmiy ma’ruza taqdim etildi.

Mazkur ma’ruza turizm industriyasida texnologik taraqqiyot, avtomatlashtirish va robotlashtirish jarayonlarining mehnat bozoriga ta’siri nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etdi. Xususan, mehmonxona va restoran biznesida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, xizmat ko‘rsatish jarayonlarini avtomatlashtirish, mehnat unumdorligini oshirish hamda raqamli iqtisodiyot sharoitida turizm mutaxassislariga qo‘yilayotgan yangi kasbiy talablar kabi dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Kocaeli universiteti olimasi  Oylum Ekşi tomonidan  “XXI asrda turizm marketingining transformatsiyasi: sun’iy intellektga asoslangan innovatsion strategiyalar va ularni turistik xizmatlar bozorida qo‘llash” mavzusida ilmiy ma’ruza taqdim etildi.

Ma’ruza doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarining zamonaviy marketing faoliyatidagi o‘rni, turistik mahsulot va xizmatlarni raqamli platformalar orqali targ‘ib qilish, iste’molchilar ehtiyojlarini tahlil etish, marketing strategiyalarini shaxsiylashtirish hamda turistik destinatsiyalarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatlari yoritildi.

Ayniqsa, sun’iy intellektga asoslangan marketing vositalaridan foydalanish O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, noyob turistik resurslari va milliy turizm mahsulotlarini xalqaro bozorlarda samarali targ‘ib etish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi jihatidan muhim ahamiyatga ega.

Xalqaro ilmiy vebinarning ahamiyatli jihati shundaki, unda turizm industriyasining istiqboldagi rivojlanishini belgilovchi ikkita muhim yo‘nalish — xizmat ko‘rsatish jarayonlarini robotlashtirish hamda sun’iy intellekt asosida marketing faoliyatini takomillashtirish masalalari o‘zaro bog‘liqlikda ko‘rib chiqildi.

Mazkur ilmiy muloqot turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning zamonaviy bilimlarini boyitish, ularda innovatsion va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda xalqaro tajribaga asoslangan kasbiy tayyorgarlikni rivojlantirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm kafedrasi tomonidan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlikni kengaytirish, xalqaro ilmiy vebinarlar va qo‘shma ta’lim tadbirlarini tashkil etish orqali turizm ta’limining xalqaro integratsiyasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur xalqaro ilmiy vebinar ham O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-pedagogik hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni ommalashtirish hamda turizm sohasi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.