Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Professor Mirsodiq Is’hoqov: “Hindistonga safarim haqida”

10.10.2023, 16:11 Yangiliklar 807

2023-yilning 27-30-sentyabri kunlarida Hindiston Markaziy Osiyo fondi (prezidenti Amb Ashok Kumar Sharma, fond direktori doktor-professor Ramakanth Dvayvedi) taklifi bilan Dehli (NyuDelhi)da bo‘ldim va mazkur fond tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil qilinib, buyuk ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada Beruniyning falsafiy-axloqiy, diniy qarashlariga bag‘ishlangan ama’ruza bilan qatnashdim. Anjuman qatnashchilarida Beruniyga nisbatan yuksak hurmat kuzatdim. Ma’ruzachilarning deyarli hammasi olimning Hindiston asari bo‘yicha turli jihatlarini yoritishga harakat qilishdi. Undan tashqari Beruniy ijodining ensiklopedik xususiyati va har bir sohada olim erishgan natijalar o‘z zamonidan oldinlab ketgani, hozirga qadar ilmiy qimmatini yo‘qotmagani haqida gap bordi.

O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasi samolyoti Indira Gandi nomidagi Dehli xalqaro aeroportiga kelib qo‘nishi bilan salonda mening ismi sharifim e’lon qilinib, birinchi eshik oldiga kelishim so‘raldi. Satillit yo‘lagida aeroport xizmatchilari – bir yigit va bir ayol kutib olib, meni aeroport zallari va yo‘laklari bo‘ylab kuzatib chiqishdi va tashqarida kutib turgan elchixonamizning matbuot ishlari bo‘yicha xodimi Sadriddin Suyarovga topshirib qaytib ketishdi. Shunday qilib, Dehlida elchixonamizning mehmoniga aylanib qoldim.

photo_2023-10-10_15-56-25

Elchixona uchun 1992-yilda mustaqil O‘zbekistonning Hindistondagi birinchi elchisi Sur’at aka tomonidan yer maydoni ajrattirilgan ekan. Qurilish ishlari ikkinchi elchimiz Ilhom davrida amalga oshirilgan ekan. Ajoyib arxitektura inshootiga aylanibdi. Bu azali ko‘zimiz o‘rganib qolgan to‘rtburchak bino emas. Imorat rejasi shimoli-sharq – janubi-g‘arb yo‘nalishida joylashgan S harfining ko‘pburchakli shakli desak xato bo‘lmaydi. Peshayvoni odatdagidek to‘rtburchak yoki yarim doira emas, balki uchburchak qilib chiqarilgan. Eshikdan kirganingizda katta dolon (vestibyul), chap tomonida ikkinchi qavatga yarim doira zina, dolon to‘rida bir necha eshik – o‘rta qismida ko‘rgazmalar uchun mo‘ljallangan zal, chap tomondagi eshikdan kirilsa, yo‘lak bo‘ylab bir necha xizmat xonalari, dolon o‘ng tomon burchagida oshxonaga ochiladigan eshik, nihoyat, dolonning o‘ng tomonida majlislar zali. Dolonga krishdayoq o‘ng tomon burchakda o‘zbekona so‘ri (chorpoya), unda noz-ne’matlar bilan to‘ldirib bezatilgan xontaxta, atrofiga ko‘rpachalar solinib yostiqlar qo‘yilgan.

Ko‘rgazmalar zalidan imorat tashqarisiga – orqa hovliga eshik bor. Hovlining keng sahni o‘rtasida hovuz, atrofi ko‘kalamlashtirilgan, parvarishlab turilgan gazon maydonchalari oralab o‘rtadan sopolak parchin bilan qoplangan yo‘laklar, tashhovli yoysimon pastak bordyur bilan katta bog‘ maydonidan to‘silgan. Ayni shu yoysimon to‘siqning tashqi tomoni bo‘ylab bir qator palma daraxtlari saf tortib, o‘ziga xos viqor to‘kib turibdi.

photo_2023-10-10_15-56-40

Mana shu men ta’riflagan binoda mazkur konferensiya ishtirokchilari uchun O‘zbeksitonimiz elchixonasi tomonidan kechki ziyofat uyushtirildi. Ziyofat oldidan shinam majlislar zalida suhbat bo‘ldi. Unda elchimiz Aziz Baratov, Ashok Kumar Sharma va men nutq so‘zladik. Men Hindiston va hind xalqi bilan aloqalarimiz 3-3,5 ming yillik tarixga ega degan mazmunda gapirdim. Hindistonning asosiy halqi hindilar bizning 3,5 ming yil avval oriylar migratsiyasi ko‘rinishida O‘rta Osiyo orqali o‘tgani, shundan boshlab bizning ajdodlar o‘zaro aloqada bo‘lib kelgani, jumladan, mil.avv. III asrda Hindistonning Maurya sulolasi vakili mashhur Ashoka Hindistonni Termiz orqali O‘rta Osiyo bilan bog‘lagan Karapati nomli karvon yo‘li bo‘ylab, karvonlarni ogohlantiruvchi yo‘l tafsilotlaridan iborat tosh bitiklar o‘rnatgani haqida gapirib berdim. Ashoka shu yo‘l orqali Budda dinining tarqalishini ham ko‘zlagan. Nihoyat, Termez yonida budda dini ilk jamoalarining monastiri, uning yaqinida Fayoztepa, Zo‘rmo‘la budda ibodatxonalari paydo bo‘lgani haqida so‘zlab berdim.

photo_2023-10-10_15-56-45

Maqola muallifi TDSHU professori Is’hoqov