4-aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “O‘zbekiston-Koreya: o‘zaro hamkorlikning bugungi kuni va istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda respublika mahalliy oliy o‘quv yurtlari, Koreya Respublikasining Toshkentdagi oliy ta’lim muassalari filiallari va xorijda faoliyat yuritayotgan olimlar, tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Anjumanning ochilish qismida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori – Rixsiyeva Gulchehra Shovkatovna, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi – Kim Hee-Sang, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm qo‘mitasi raisi – Alimov Ravshanbek Azadovich, Koreya Respublikasining Toshkentdagi ta’lim markazi direktori – Pang Chu Man mamlakatning do‘stona aloqalarining 30 yilligi munosabati bilan samimiy qutladilar.
Anjuman davomida sharqshunos olimlarning koreyashunoslik sohasidagi tadqiqot ishlariga alohida e’tibor qaratilgani holda O‘zbekistonda Koreyashunoslikni rivojlantirishning istiqbol rejalari muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida O‘zbekiston va Koreyada ta’lim sohasiga oid ilmiy faoliyatni yanada rivojlantirishga doir o‘z ilmiy-amaliy tavsiya va takliflar yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Anjuman yakunida barcha ishtirokchilarga anjuman to‘plami va anjumanda o‘z ma’ruzalari bilan qatnashganligi haqida sertifikatlar topshirildi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zbekiston-Koreya diplomatik aloqalari hamda Koreys filologiyasi kafedrasining 30 yilligiga bag‘ishlab boshlangan “Koreya xaftaligi” joriy yilning 4-8 aprel sanalarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, xaftalik aynan xalqaro anjuman bilan start oldi.
Mazkur haftalik doirasida “Ota-onalarga ta’zim”, “Yosh koreyashunos ilm va ijod ostonasida” xalqaro talabalar Forumi, “Koreys filologiyasi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan zamonaviy talabalar asosida tayyorlangan media mahsulotlar (darslik, o‘quv qo‘llanma)lar taqdimoti, “Muhammad Yusuf she’rlarining koreys tiliga tarjima kitobi taqdimoti” kabi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.