(Uzbek) O‘zbekiston, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, o‘zbek yoshlarining hayoti Xorijlik mutaxassis nigohida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli qaroridagi Oliy ta’lim mussasini jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim muassalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bilan bog‘liq vazifasining ijrosini ta’minlash yo‘lida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti jahonning bir qancha yetakchi universitetlaridan mutaxassislarni taklif etib, talabalarning o‘z sohasida sifatli ilm olishlarini ta’minlash ishlariga qo‘l urdi. Bu borada institutning Janubiy va janubi-sharqiy Osiyo tillari kafedrasi ham Hindistonning Javaharlal Neru universiteti urdu tili bilimdoni, jahonning 20dan ortiq mamlakatlarida urdu tilidan saboq berib kelgan professor Xoja Ikramuddinni talabalarga urdu tili va adabiyotidan saboq berish uchun taklif etdi. May oyida tashrif buyurgan professor Xoja Ikramuddin urdu tili va adabiyoti fanlaridan 1, 2 va 3 kurs urdu-ingliz guruxlariga til va adabiyotdan saboq berdi. Professor Xoja Ikramuddin Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga tashrif buyurish oldida darslarga tayyorgarlik ko‘rib, urdu tili grammatikasiga oid jami 80 ta slayd-taqdimot, urdu adabiyoti fanidan bir qancha slaydlar, taniqli yozuvchilar asari asosida tayyorlangan qisqa metrajli filmlarni talabalarga dars jarayonida ko‘rsatib, mavzu bo‘yicha davra suhbatlari, qiziqarli baxs va munozaralar o‘tkazib talabalarda urdu tili va adabiyotiga bo‘lgan qiziqishining ortib, urdu tilini amaliy qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishga katta hissa qo‘shdi. Professor Xoja Ikramuddinning urdu tili bo‘yicha tayyorlab kelgan slayd-taqdimotlari aniq mavzular doirasida bo‘lib, urdu tilining tovush tizimi uchun alohida, urdu tili grammatik qoidalari uchun alohida, shuningdek, urdu tili stilistikasi uchun alohida slayd-taqdimotlardan tashkil topgan. Ushbu slayd-taqdimotlardan har ikkala guruxda dars jarayonida foydalanish imkoniyati bo‘lishini ta’minlash maqsadida Xoja Ikramuddin ularning ayrimlarini ham urdu, ham hindiy tillarida tayyorlab kelganligi biz uchun juda katta amaliy ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonda, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda talabalar bilan yaqin hamkorlikda ishlashdan mamnun bo‘lgan professor Ikramuddin o‘z yurtiga qaytgach Institutimiz, undagi ta’lim tizimi, urdu va hindiy tillarining o‘qitilishi haqidagi o‘z mulohazalarini bir qancha matbuot sahifalarida yoritib bormoqda. Jumladan, may oyining ikkinchi yarmida “Toshkent-Markaziy Osiyoda urdu va hindiyning yirik markazi” nomli maqolasi Dehlida nashr etiladigan “Mera Vatan (Mening vatanim)”, “Uran” (Parvoz), Sachki Avaz (Haqiqat ovozi) gazetalarida, Lakxnau shahrida nashr etiladigan Avadnoma (Avadnoma), Kashmirda nashr etiladigan Lazaval (Boqiy) hamda Germaniyada nashr etiladigan Shane Pakistan (Pokiston shon-shuhrati) kabi gazektalarda chop etildi. Ularda institutimizda urdu va hindiy tillarining o‘qitilishi va institut faoliyati haqida iliq ma’lumotlar, fikr-mulohazalar bayon etilgan. Professor Xoja Ikramuddinning ushbu safari O‘zbekistonni, intitutimizni, bizning ta’lim tizimiz va o‘zbek yoshlarining xayoti, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligini jahon miqyosidagi o‘quvchilarga yetkazish ishlariga ijobiy bir hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Ulardan ayrimlarini biz institut saytiga joylashtirishni lozim topdik.
Janubiy va Janubi-sharqiy
Osiyo tillari kafedrasi