Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Janubiy Koreyadagi hayotim…

07.04.2020, 14:18 Yangiliklar 4316

 Janubiy Koreya… bu mamlakatga borish ishtiyoqi bolalikdan mening katta orzuim bo‘lgan. Sababi uyimizga hamisha ushbu mamlakat odamlarining mehmon bo‘lib kelishligi, onamning hamisha ularni bizning o‘zbekona urf-odat, an’ana va madaniyat bilan tanishtirishlari, deyarli 7-8 yil davomida yangi yil bayramini har yili uyimizda Janubiy Koreyaliklar bilan kutib olishimiz meni qisman bo‘lsa-da, qiziqtirgan edi… Keyin barcha tengdoshlarim kabi «Tangem» (Tejangim), «Jumong», «Janbogo» bilan bog‘liq tarixiy seriallarni buvim bilan birgalikda ko‘rib, uning tarix sahifalarini ham o‘zim uchun ocha boshladim…111

Vaqt o‘tgach, avvaliga, kichik ukam koreys tilini Toshkentdagi Koreya Respublikasi Ta’lim markaziga borib, o‘rgana boshladi va omadi kelib yozgi oromgoh «Seoul summer school-camp» ga yo‘llanma yutib olib Koreya Respublikasiga borib keldi. Qaytgach, taassurotlarini aytib, yanada havasimni keltirdi. So‘ngra men ham shu ta’lim markaziga borib, koreys tilini muntazam o‘rgana boshladim va til bilish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tdim, hamda kelgusidagi rejalarimni amalga oshirish maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti «Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik (Koreya iqtisodiyoti)» ta’lim yo‘nalishiga 2016 yili o‘qishga kirdim.

Men ta’lim olayotgan yo‘nalishda har yili institutlararo kelishuvlar asosida Janubiy Koreyada ta’lim olish uchun grantlar o‘tkazilib kelinishini bilardim. Avval til bo‘yicha bilimlarimni mustahkamlab olib, 2019 yil 3 kursligimda, Janubiy Koreyaning Chxonan shahridagi Sangmyong universitetiga grant o‘ynalayotganini eshitib, o‘zimni sinab ko‘rdim va omadim kelib mazkur Ta’lim grantini yutib oldim. Va nihoyat, orzuimdagi mamlakat — Janubiy Koreyaga ta’lim olish uchun keldim.

Janubiy Koreya — noyob mamlakat bo‘lib, zamonaviy yuqori texnologiyalar bilan bir qatorda qadimiy me’morchiligini uyg‘unlashtira olgan megapolislar maskani. Ushbu mamlakatning diqqatga sazovor joylari — qadimiy saroylari-yu, yaxlit qishloq hayoti, qadimgi Budda ibodatxonalari, baliq ovlanadigan tiniq hovuzlari, ajoyib va ko‘rkam tabiat manzarasi, zamonaviy texnopark va texnopolislar, yuqori texnologiya markazlarini o‘zida mujassam eta olgan hudud.

Agar siz ushbu mamlakatga ilk bor kelsangiz, uning rang-barang tabiatidan zavqlanishingiz shubhasiz. Chunki bu yerning odamlari tabiatini o‘zgarmagan holda saqlab qolishga harakat qilishadi va maksimal darajada hududiga ziyon yetkazuvchi holatlardan tiyilishadi.

Menga bu yerda daryo bo‘yida o‘tirish, o‘rmonning sukunatidan zavqlanish va jimgina suv shovqinini tinglash yoqadi. Atrofdagi tabiati meni energiya bilan oziqlantiradi. Bir paytlar orzu qilgan mamlakatga keldim, axir.

Bilasizmi, koreyslar o‘ta mehnatkash xalq, tinim bilmaydi. Ulardagi cho‘kkalab o‘tirish madaniyati biznikiga o‘xshab ketadi. Ular shuningdek, ovqatlanayotganda tizzalarida yerga cho‘kkalab o‘tirishadi. Shuning uchun, milliy restoranlarida xontaxtali xonalarni va zamonaviysida chet elliklar uchun maxsus stol stullarni ko‘rish mumkin.

Janubiy Koreya — Koreya yarim orolining janubiy hududida joylashgan Sharqiy Osiyo mamlakatidir. Ushbu mamlakat haqida gapiradigan bo‘lsam gap ko‘p… Ammo keling ta’lim olayotgan universitet haqidagi ta’rifga o‘tsam.

Sangmyong universiteti – yaxlit kampusdan iborat bo‘lgan ta’lim maskani, ta’lim olish binolari bilan bir joyda talabalarning yashashlari uchun qulay Wi-Fi hududli mehmonxona, sport inshooti, basseyn, kutubxona, vebinar media kompleks, ishlab chiqarish va tajriba o‘tkazish laboratoriyalari mavjud bo‘lgan kichik akademik shaharcha.

Ta’lim binolari va o‘quv kampusning o‘zida yagona Wi-Fi tarmog‘i bo‘lib, barcha xonalari eng so‘nggi rusumdagi komp’yuter va proektor hamda barcha texnik anjomlar bilan jihozlangan, xullas hamma texnologiya bu maskanda rivojlangan.1231

Sangmyong universiteti o‘zining ilmiy faoliyatini 1937 yilda Chxonan shahrida boshlagan va keyinchalik shahar tipidagi kampusga aylantirilgan. Ko‘pgina mustaqil universitetlar reytinglari qatorida Sangmyong universiteti reytingi ham Janubiy Koreyada eng yaxshi universitetlar qatoriga kiritilgan. Mazkur koreys universiteti bilan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti nafaqat talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘ygan, balki 2019 yildan boshlab hamkorlikda «Koreys filologiyasi» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini (double degree) ham joriy qilgan.

Qabul va o‘qish haqida. Qabul komissiyasi abiturientlarni imtihon o‘tkazib, natijalariga qarab tanlaydi. Ta’lim muassasasidagi o‘quv yili an’anaviy ravishda ikki semestrdan iborat. Bundan tashqari, Sangmyong universitetida magistratura yo‘nalishi ham mavjud, o‘qishni bemalol davom ettirsa bo‘ladi.

Sangmyong universiteti «ta’lim falsafasi»: haqiqat, adolat va muhabbat asosida inson farovonligi va madaniyatini yaratishga qanday hissa qo‘shishni biladigan barkamol shaxsni tarbiyalash.

Bu ta’lim maskanida talabalar almashinuvi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Va eng muhimi ta’lim granti asosida kelib o‘qish imkoniyati bor.

Bilamizki, hozirda butun dunyo Koronavirus – COVID-19 pandemiyasi sababli karantinda o‘tirgandek. Biroq insoniyat koronavirus muammosidan dekabrda xabar topdi va biz bu virus haqida hali ko‘p narsalarni bilmaymiz. Shu sababli ham avvaliga bizning yaqinlarimiz uyga qaytishimizni xohlashdi, ammo uyga qaytib, yaqinlarimga o‘zim bilmagan holda ziyon yetkazib qo‘yishim mumkinligini mulohaza qilib, shu yerda nima bo‘lsa ham qolib, o‘qishimni davom ettirishga qaror qildim. Dunyo bo‘ylab olimlarning aql-bovar qilmas izlanishlariga qaramay, koronavirus borasida hanuz ko‘plab savollar ochiq qolmoqda. Shu sababli ham – mening qarorim to‘g‘ri deb o‘ylayman.

Ozgina karantindagi tanaffusli fursatdan keyin, universitet On-line ta’limni yo‘lga qo‘ydi va biz hozir o‘zimiz uchun qulay belgilab olgan dars jadvali asosida o‘quv mashg‘ulotlarida o‘qimoqdamiz.

Darsdagi davomat va ishtirok – mashg‘ulotga qatnashish yoki qatnashmaganligi telefon orqali talaba yuborgan xabarga qarab belgilanadi, yoki o‘qituvchi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘laniladi.

O‘qish, avval aytganimdek 2 semestrlik — kuzgi (sentyabr’-dekabr’) va bahorgi (mart-iyun’). Hozirgi On-line va avvalgi ta’limda uy vazifalari hamda topshiriqlar komp’yuter orqali bajarilib, fan o‘qituvchilariga e-mail orqali yuboriladi.

Har bir o‘quv mashg‘ulotining audiovizual manbasi bor – dars prezentasiyasi hamda slayd-shoulari.

Bugungi karantin e’lon qilingan sanadan boshlab barcha o‘quv mashg‘ulotlari koreys tilida o‘tkazilmoqda va barcha talab etilayotgan vazifalar universitet sayti orqali o‘qituvchilarga yuborilib, ularning baholanishi ham e’lonlar tarmog‘ida xabar qilinmoqda.

Koronavius COVID-19 dunyoning barcha mamlakatlarini falajlab qo‘ygandek go‘yo, ammo Janubiy Koreyadagi hayot sekin davom etmoqda: ko‘chalari salgina huvillaganini, xitoylik va yapon sayyohlarining kamayganini hisobga olmaganda, savdo va marketlar, korxona va idoralar ishlab turibdi, transport qatnovi bor.

Tibbiyot niqoblari va dori-darmonlar dorixonalarda yetarli. Ko‘chalarda, albatta odam kam, aksariyati karantinda uyda, barcha fuqarolar tibbiy niqoblarda, hamma joyga antiseptik vositalar qo‘yilgan, hamma odam sanitariyaga rioya qilmoqda.

O‘qish hozircha qachongacha onlayn bo‘lishi noma’lum, ammo shuni aytamanki, aholi uchun yordam nafaqalari ajratilib, barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Albatta bu yerga kelgan paytimda meni noaniq hayajonli tuyg‘ular qamrab olgandi, demak shu sinovli kunlar mening ham taqdirimda bor ekan. Lekin bir narsaga aminmanki, kelganimdan afsuslanmayman, negaki kerakli bilimlarni olib, kelgusida Vatanimga qaytsam, albatta birorta yangi kashfiyotlarni ochishda mening ham hissam qo‘shilar. Ehtimol, bunga shu yerda olgan bilimlarim asqotar. Bilmayman. Ammo, umid qilamanki, hozirgi holatimdagi «ozgina sarguzashtlarga boy hayotim»dan mamnunman.

Sardor Ubaydullaev,
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabasi.