Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolati”

05.12.2018, 17:16 Yangiliklar 32627

O’zbekistonning inson huquqlariga va davlat suvereniteti g’oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatni anglagan holda, o’zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib, demokratik va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib, insonlarning demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko’zlab hamda fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida bundan 26 yil avval, 1992-yilning 8-dekabr kuni O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Mustaqilligizni mustahkamlovchi, inson va uning huquqlarini oliy qadriyat sifatida belgilab beruvchi me’zon, xalqimiz xohish-irodasi va istaklarini o‘zida ifoda etuvchi Konstitutsiyamiz mana 26 yildan buyon bosh qomus sifatida davlat va jamiyat boshqaruvi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, iqtisodiyotni isloh qilish, umuman har jabhadagi o’zgarishlar, islohotlarni amalga oshirishda asos bo’lib xizmat qilib kelmoqda.

2018-yilning 5-dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya  – huquq va erkinliklarimiz kafolati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi. Tadbirda y.f.d., professor Feruza Muxiddinova, Adliya vazirligining Mirobod tuman boshqarmasi boshlig’i Ramziddin Mamatkarimovich, Mirobod tumani xalq qabulxonasi boshlig’i Said Jo’rayev, institut rahbariyati, professor-o’qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirni institut rektori, prof. A.Mannonov ochib berdi va barcha yig’ilganlarni umumxal bayrami, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi bilan muborakbod etdi. Tadbirda so’zga chiqqanlar Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, hayotiyligi, mamlakatimizda amalga oshirilgan va oshirilayotgan islohotlar, o’zgarishlarning bosh asosi ekanligini ta’kidladilar. Inson, uning hayoti, erkinligini, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan, inson manfaatlarining davlat manfaatlaridan ustunligi ko’rsatilgan,  siyosiy plyuralizm prinsipi mustahkamlab qo’yilgan, xalq hokimiyat manbai sifatida e’tirof etilgan Konstitutsiyamizning  huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurishdagi roli e’tirof etildi. Shuningdek, milliy qomusimizning qabul qilinishi jarayoni yodga olinib,  O’zbekistonning Birinchi Prezidenti, Konstitutsiyamiz asoschisi Islom Karimovning xizmatlari alohida e’tirof etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ro‘y berayotgan buyuk o‘zgarishlar, turli sohalardagi islohotlar xalqimiz turmush tarzida tub burilish yasamoqda. Konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalarga muvofiq tarzda joylarda Xalq qabulxonalari faoliyat olib bormoqda, “Mening fikrim”  jamoaviy murojaatlar portali ishga tushirildi, O’zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi platformasi yaratildi. Bularning barchasining asosisida davlat organlarining xalqqa ximzat qilishi prinsipi mujassamdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’ribir bilan aytganda ‘Konstitutsiyamiz – xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkuri mahsuli, asriy qadriyatlarimizning beqiyos timsoli’ sifatida yuksalish va taraqqiyotimizning bosh asosi bo’lib kelmoqda.

Tadbirning badiiy qismida 2018-2019-o’quv yili uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sovrindori, Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va siyosati fakulteti 2-kurs magistranti Ashurova Elmira, 2018-2019-o’quv yilida Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi g’olibasiga aylangan Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va siyosati fakulteti 4-kurs talabasi Jo’ravoeva Maftuna, 2018-2019-o’quv yilida Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo’lgan Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va siyosati fakulteti 4-kurs talabasi Abduraimov Qudratjonga g’oliblik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi. Shundan so’ng tadbir go’zal kuy-qo’shiqlar, raqslar va sahna chiqishlari bilan davom ettirildi.

Barchangizni milliy qomusimiz – O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi bilan muborakbod etamiz!

IMG_2317 IMG_2321 IMG_2327 IMG_2337 IMG_2344IMG_2355 IMG_2364 IMG_2375 IMG_2378 IMG_2384 IMG_2390 IMG_2401 IMG_2421 IMG_2428