Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Mobillik loyihalari – oliy ta’limda internatsionalizasiyaning muhim vositasi

18.12.2020, 15:03 Yangiliklar 1684

Joriy yilning 16-dekabr kuni Erasmus+ dasturi oliy ta’lim ekspertlarining Milliy guruhi tashabbusi bilan mobillik davrida to‘plangan bilim va tajribalarni almashish va erishilgan natijalarni O‘zbekiston ilmiy tadqiqotlarida joriy qilish hisobiga O‘zbekiston mutaxassislarining o‘quv jarayoni va ilmiy tadqiqotlari samaradorligini oshirishni maqsad qilgan “Xalqaro kredit mobillik: ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishdagi ahamiyati” mavzusidagi IV respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Erasmus+ dasturining O‘zbekistondagi delegasiyasi vakillari, shuningdek mahalliy va xorijiy oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari hamda talabalari ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsieva oliy ta’lim tizimini baynalmilallashtirish jarayoni so‘nggi uch yil ichida shiddat bilan kechganligi, bu davr tub o‘zgarishlar va ta’lim sifatini tubdan yaxshilash hamda respublikada oliy ta’lim tizimini umum e’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish bo‘yicha muhim qarorlar davri bo‘lganligini qayd etgan holda mobillikning ahamiyati bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Erasmus+ milliy koordinatori A.Abduraxmanova “o‘qituvchilar, talabalar va tadqiqotchilarning akademik mobilligi –internasionalizasiyaning muhim yo‘nalishlaridan va oliy o‘quv yurtlarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirishning asosiy vositalaridan biri hisoblanadi. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2015-2020-yillardagi tanlovlar natijasida birgina respublikamizning 45 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari Yevropa universitetlari bilan 432 ta hamkorlik aloqalari o‘rnatgan bo‘lib, bu bilan 1423 nafar talaba, doktorant va o‘qituvchilarning O‘zbekistondan Yevropaga mobilligi ta’minlandi hamda 644 nafar Yevropa universitetlari doktorantlari va professorlari O‘zbekistonda bo‘lib qaytdilar, – dedi o‘z nutqida.

Tadbir davomida, shuningdek, OO‘MTV Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Javlon Abdujalilov, Erasmus+ dasturining O‘zbekistondagi koordinatori Aziza Abduraxmanova va oliy ta’lim ekspertlarining Milliy guruhining bir qator a’zolari mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining Erasmus+ doirasida xalqaro universitetlar bilan hamkorligining bugungi kundagi holati borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, sohani yanada yaxshilash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirib o‘tdi.

Shu bilan birgalikda, mobillik qatnashchilari tomonidan xorij universitetlaridagi ta’lim jarayoni hamda mobillik davomida qo‘llanilgan ilg‘or metodikalarni respublikamizda joriy kabi masalalar bo‘yicha ham ma’ruzalar qilindi.
Konferensiya yakunida ekspertlar tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berilib, faol ishtirokchilar sertifikat va 5 ta nominasiya bo‘yicha diplomlar bilan taqdirlandi.