Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Prezidentimiz asarlarida ustoz va murabbiylarga e`tibor – kelajakka e`tibor masalasi

01.10.2017, 10:25 Yangiliklar 7377

Toshkent Davlat Sharqshunoslik Instituti

Xitoyshunosiik fakulteti talabasi

Ortikov O.N

Prezidentimiz asarlarida ustoz va murabbiylarga e`tibor – kelajakka e`tibor masalasi

Inson hayotning murakkab so‘qmoqlaridan yura bilishi, turli xil qiyinchiliklarni yengga bilishi, chuqur bilim ko`nikma va malakaga ega bo`lishida ustoz va murabbiylarning xizmati beqiyosdir. Ushbu ulug` insoniy fazilat, ulkan sabr hamda vatan taraqqiyoti uchun fidoyilik tuyg`usiga ega bo`lgan ustozlarimiz zamonamizning har qaysi vaqtida chuqur hurmatga loyiq va sazovor bo`lgan kelajakning haqiqiy bunyodkorlari hisoblanadi. Millatning ravnaqi, voyaga yetayotgan yosh avlodning har tomonlama komil shaxs sifatida shakllanishini ta`minlashdek ulkan mas`uliyatni o`z zimmalariga ola bilgan ustoz va murabbiylarimiz haqida qancha yaxshi fikr-mulohazalar bildirsak ham ushbu fikrlarning nihoyasini topa olmaymiz. Mustaqil O`zbekiston Respublikasining iqtisodiyot, madaniyat, sport hamda ta`lim sohalaridagi muvafaqqiyatlari bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan birdek e`tirof etib kelinmoqda. Bunday yuksak marralarga erishish zamirida ustoz va murabbiylarimizning butun umrini o`z ichiga olgan mashaqqatli mehnat yotadi. Yurtimizda ustozlarimizning hurmat-ehtiromi, ularga qaratilayotgan e`tiborning yuqori darajada ekanligini vatanimizning buyuk kelajagini bunyod etayotgan kasb egalarini rag`batlantirishning bir ko`rinishi sifatida baholashimiz mumkin.

Ustoz va murabbiylarimizning bir umrlik mehnatlarini munosib qadrlash va ularga ehtirom ko`rsatish maqsadida yurtimizda 20 yildan buyon 1-oktabr “O`qituvchi va murabbbiylar kuni” sifatida ko`tarinkilik bilan umummilliy bayram sifatida nishonlanib kelmoqda.

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 1996-yil 9-sentabrda qabul qilingan “Ma`naviyat va ma`rifat” jamoatchilik markazi faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish to`grisidagi 1559-Farmoni asosida “O`qituvchi va murabbiylar kuni” umummilliy bayram sifatida rasman nishonlanib kelmoqda. Ushbu farmon orqali Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ustoz va murabbiylarimizga bo`lgan samimiy munosabati va hurmatini ko`rsatib berdi. Shuningdek, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ustozlarga berilgan ushbu ta`rif ham bugungi kunga qadar o`z ahamiyatini yo`qotmagan. “Dunyo imoratlari ichida eng ulug`i maktab bo`lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o`qituvchilik va murabbiylikdir”.

Islom Karimov asarlaridan biri hisoblangan “Yuksak ma`naviyat-yengilmas kuch” asarida ham o`z kasbining fidoiylari hisoblangan ustozlarimiz bayrami haqida quyidagi fikrlarni uchratishimiz mumkin. “…Bu bayram avvalo o`zining bilim va tajribasi, iste`dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko`z nuri va qalb qo`ri, butun borlig`ini ayamasdan, ma`rifat yo`lida betinim xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol na`munasidir”[1].

Yuqoridagi fikrlarda ifodalangan ma`no va mazmun, insoniylik fazilatlarini o`zida mujassam etgan sharafli kasb egalari hisoblangan ustoz va murabbiylarimizning katta mas`uliyat, yorqin iste`dod bilan o`z burchlarini bajarib kelayotganligini ifodalaydi.

Birinchi Prezidentimizning munosib shogirdi, boshlagan ishlarining davomchisi hisoblangan yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev asarlarida ham ustoz degan ulug` kasbning mas`uliyatli tomonlari, xalqimiz ustoz va murabbiylarimizga bo`lgan faxr tuyg`usi o`z aksini topgan.  “….Biz ajdodlarimizning yorqin xotirasini asrab-avaylab, qalbimizda, yuragimizda abadiy saqlaymiz. Bukilmas iroda, fidoyilik, va jasorat na`munasini amalda namoyon etib, o`z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishiga bag`ishlagan ustoz va murabbiylarimiz, zamondoshlarimiz bilan cheksiz faxrlanamiz”.[2]

         Shuningdek, yurtboshimizning asarlarida barkamol avlod tarbiyasi hamda yurt kelajagi uchun juda muhim soha hisoblangan maorif tizimini takomillashtirishni ustuvor vazifalardan biri sifatida o`qituvchilarimiz tajribasini oshirish hamda yetuk pedagoglar faoliyati masalasiga qaratgan e`tibori orqali zamirida ustoz va murabbiylarmizga yordam berish masalasiga e`tabor qaratilgandir. “… pedagoglar va professor-o`qituvchilar tarkibining professional darajasi, ularning maxsus bilimlaridir. Bu borada ta`lim olish, ma`naviy-ma`rifiy kamolot masalalari va haqiqiy qadriyatlarni shakllantirish jarayonlariga ko`mak beradigan muhitni yaratish zarur”.[3]

         Yurtboshimizning yuqoridagi fikrlari orqali yoshlar tarbiyasi hamda kamolotini ta`minlashda asosiy ishtirokchi hisoblangan o`qituvchilarning bilim, ko`nikma va malakalarini oshirish bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri sifatida ko`rilayotgani ham ustoz va murabbiylar jamiyatimiz bunyodkorlari vazifasini bajarib berishini anglab yetishimiz mumkin.

Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan Oliy ta`lim tizimini rivojlantirsh orqali Vatanimiz kelajagi, yoshlarning ilmiy salohiyatini yanada rvojlantirish maqsadida 2017-yil 20-aprelda qabul qilingan “Oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantirish chora tadbirlari to`g`risida”gi  PQ-2909 sonli Qarorida ham ustuvor vazifalardan birinchisi sifatida e`tibor qaratilgani diqqatga sazovordir. Jumladan, “Har bir oliy ta`lim muassasi jahonning yetakchi ilmiy-ta`lim muassalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o`rnatish, oquv jarayoniga xalqaro ta`lim standartlariga asoslangan ilg`or pedagogik texnologiyalar, o`quv dasturlari va o`quv uslubiy materiallarini keng joriy qilish, o`quv pedagogik faoliyatiga, master-klasslar o`tkazishga, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor ta`lim muassasalaridan yuqori malakali o`qituvchilar va olimlarni faol jalb qilish, ularning bazasida tizimli asosda respublikamiz oliy ta`lim muassasalari magistrant, yosh o`qituvchi va ilmiy xodimlarning stajirovka o`tashlarini, professor-o`qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish” . [4]

Yuqoridagi fikrlardan ko`rinib turibdiki, Oliy ta`lim tizimini takomillashtirishda professor-o`qituvchilarning malakasi alohida ahmiyat kasb etadi. Chunki, aynan ushbu kasb egalari tomonidan Vatan, millat, milliy qadriyat, milliy mafkura kabi hayotimiz davomida o`zining mustahkam o`rniga ega bo`lgan tushunchalarning mohiyati ustozlarimiz tomonidan yosh avlod ongiga singdirib boriladi. Hozirgi globallashuv jarayonida yurtimizda tinchlikni saqlash, iqtisodiy, siyosiy va madaniy o`shishni ta`minlash nafaqat hukumatimiz, balki yoshlarning ham asosiy vazifalari hisoblanadi. Bu borada hukumat va yoshlar o`rtasida ko`prik vazifasini bajarib beruvchi ustoz va murabbiylarga juda katta mas`uliyat yuklatilgan.

Xulosa sifatida shuni ta`kidlash lozimki, har qanday jamiyatning rivojlanishi hamda har tomonlama ravnaq topishida ustoz va murabbiy deb atalmish kasb egalarining fidokorona mehnati muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblangan yoshlar tarbiyasini olib borish va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashdek mas`uliyatli vazifani o`z zimmalariga olgan bu kasb egalariga har qancha hurmat va e`tibor qaratsak kamlik qiladi. Ularning mashshaqatli mehnati sababli, yurtimizni jahonga tanitayongan farzandlar, sportchilar hamda jamiyatning turli sohalarida yetakchi bo`lgan mutahassislar yetishib chiqmoqda. Ularning ushbu mehnatlari samarasi o`laroq bugun jahonda O`zbekiston atalmish mustaqil davlatning nufuzi kundan kunga ortib bormoqda. Fursatdan foydalanib, vatanimiz, jamiyatimiz fidokorlari ustozlar va murabbiylarni 1-oktabr “Ustoz va murabbiylar kuni” bilan muborakbod etaman. Ularga sihat-salomatlik, oilaviy hotirjamlik, uzoq umr va barkamol avlod tarbiyasida kuch-quvvat tilab qolamiz.

[1] I.A Karimov “Yuksak ma`naviyat-yengilmas kuch” asari, Toshkent “Ma`naviyat” 2008-yil, 82-bet

[2] Sh. M Mirziyoyev “Erkin va farovon, demokratik O`zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz” asari, Toshkent “O`zbekiston” 2016-yil, 5-bet

[3] Sh. M Mirziyoyev “Tanqidiy tahlil, qat`iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo`lishi kerak” asari, Toshkent “O`zbekiston” 2017-yil, 45-bet

[4] O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantirish chora tadbirlari to`grisida”

PQ-2909 sonli Qarori, 2017-yil, 20-aprel