Ta’ziya
Mashhur sharqshunos, hindshunos, turkshunos olim, tashqi siyosat va xalqaro aloqalar bo‘yicha ekspert, zamonaviy o‘zbek diplomatiyasining yirik namoyandalaridan, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Anvar Maxmudovich Qosimovning vafoti sharqshunoslik universiteti jamoasini chuqur qayg‘uga soldi.
A.Qosimov Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Xalqaro munosabatlar hamda Siyosatshunoslik kafedralarining asoschisi, mazkur kafedralarning mudiri sifatida uzoq yillar samarali mehnat qildi, faoliyati davomida mamlakatimizning tashqi siyosatiga oid “O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari”, “Diplomatiya asoslari”, “Diplomatik va konsullik xizmati” kabi bir qancha ilmiy asarlar yaratgan va ko‘plab shogirdlar yetishtirgan.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi marhumning oila a’zolari, yaqinlari va shogirdlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.