TDSHIda Koreyalik professor ma’ruzasi
Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Koreya Respublikasining Asia Future instituti prezidenti, AQSh-Koreya Respublikasi assotsiatsiyasi raisi, Xankuk chet tillari universiteti professori Djin Pak tashrif buyurdi.
Mazkur uchrashuvda institut rahbariyati, Yosh olimlar kengashi a’zolari, professor-o‘qituvchilar, institutimizning barcha qiziquvchi talabalari qatnashdilar.
TDSHI Xalqaro hamkorlik buyicha prorektori E.Mahmudov Djin Pak boshchiligidagi delegatsiyani alohida kutib olib, mehmonlarga tashrif uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi va tadbirni ochiq deb e’lon qildi. Professor Djin Pak «The Future of Asia & Korea-Uzbekistan Partnership» nomli ma’ruzasida bugungi kunda O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari, xalqaro munosabatlarda kechayotgan asosiy tendensiyalar tahlili haqida dolzarb masalalarni keltirib o‘tdi. Shuningdek, dunyo aholisi o‘sishi, unda davlatlarning asosiy ulushi kabilar ham muhokama etildi. Hozirgi davrning muhim muammolari sifatida esa aynan daromadning tafovutlari va davlatlararo geosiyosiy muammolar hozirga qadar hal etilmaganligi kabilar ko‘rsatib o‘tildi.
Ma’ruzadan so‘ng talabalar va tadqiqotchilar tomonidan yuqoridagi o‘tkir muammolarni bartaraf etish choralari va umumbashariy hamkorlik istiqbollari yuzasidan qiziqarli savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng, institutimiz rektori, fil.f.n., dotsent G.Rixsiyeva faxriy professor bilan uchrashib, ajoyib va qiziqarli ma’ruza uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Ikkita ta’lim muassasasi professorlari o‘rtasida bunday hamkorlikni izchil davom ettirish lozimligini ta’kidlandi.