Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori: Xalq diplomatiyasi yo‘nalishida ayollarning faolligidan yanada kengroq foydalanish zarur

10.05.2022, 11:43 Yangiliklar 2154

Toshkent davlat  sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva  poytaxtimizda bo‘lajak «Xalq diplomatiyasi –taraqqiyot sari o‘zaro hamjihatlik» mavzusidagi SHHT Xalq diplomatiyasi forumi («Toshkent – 2022»)ning ahamiyati haqidagi fikrlarini yo‘lladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

-Mintaqaviy taraqqiyotimizda SHHTga a’zo davlatlar munosabatlaridagi xalq diplomatiyasi rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash, ushbu zamonaviy sohaning o‘rni va hissasini belgilab olish muhim ahamiyatga ega.

Shu ma’noda, jahon xalqlari tarixida bo‘lgani kabi yurtimiz o‘tmishi ham ko‘plab murakkab masalalarni hal etishda oqila, olima ayollarimizning faol ishtirok etganiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq. Darhaqiqat, inson turmush tarzi bilan yaqqol isbotini topadigan xalq diplomatiyasi yo‘nalishida ayollarning faolligidan yanada kengroq foydalanish zarur. O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazining bu boradagi izlanishlari e’tiborga molik. Xususan, bunga «SHHT lider ayollari forumi»ni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Markaz har yili SHHTga a’zo davlatlarning O‘zbekistondagi elchixona va vakolatxonalarida faoliyat yuritayotgan xorijlik ayollar bilan yurtimiz senator, deputat, olima, shoira, fan va madaniyat sohasidagi taniqli xotin-qizlari o‘rtasidagi turli uchrashuv va davra suhbatlarini tashkil etayotgani ham xalq diplomatiyasida xotin-qizlar ishtiroki tobora kengayib borayotganini ta’minlamoqda.

Yurtimiz imijini yanada yuksaltirishda ayollarning, shu jumladan, sportchi qizlarimizning ishtiroki sezilarli darajada oshayotgani quvonarli hol. Bugun Iroda To‘laganovani dunyo taniydi. Barcha sport muxlislari Oksana Chusovitinaning ko‘p yillik yutuqli rekordlariga havas bilan qarashi tayin. Beshafqat urush tufayli beshta pahlavon o‘g‘lidan ajralgan Zangiota tumani Xonobod qishlog‘idagi Zulfiya aya va u haqida yaratilgan «Ilhaq» filmi aslida xalq diplomatiyasi uchun eng yorqin manba. O‘zbekiston xalq shoirasi — Zulfiya hayoti va ijodini olaylik. O‘ttiz yoshga kirmasdan ikki farzandi bilan beva qolgan shoiramiz keyingi yarim asrdan ko‘proq davr mobaynida ham xalqimizning yana bir sevimli shoiri — Hamid Olimjonga bo‘lgan sevgisiga sodiq qoldi.

Bunday buyuklikka erishish oson emas. Bu matonatni sharq ayolining vafosi, sharq onasining kuchli irodasi sifatida xalq diplomatiyasi orqali ham targ‘ib etishni kuchaytirish zarur.